Kecha Misr poytaxti markazidagi asosiy telekommunikatsiya kompaniyasi binosida yong‘in sodir bo‘ldi, oqibatda 39 kishi jabrlandi, 4 kishi halok bo‘ldi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, yong‘in tufayli Qohirada aloqa bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi: aholi telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirolmay qoldi, internet xizmatlari vaqtinchalik uzilib qoldi.

Mamlakat telekommunikatsiya vaziri Amir Talat bugun jamoatchilikka xizmatlar bosqichma-bosqich tiklanayotganini aytdi.
– Chorshanba kuni ertalab barcha xizmatlar normal ishlashi kutilmoqda, - dedi u. – Ayrim xizmatlar, jumladan, bank operatsiyalari va pul o‘tkazmalari ilovalari yong‘in tufayli jiddiy to‘xtab qolganidan keyin normal holatga qaytdi.

O‘lka Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida aytilishicha, voqeadan so‘ng 14 nafar yarador yaqin atrofdagi shifoxonalarga yotqizilgan.
– Asosiy yong‘in Ramzes hududidagi “Telecom Egypt” kompaniyasining 10 qavatli binosining yettinchi qavatida boshlangan, -deyiladi “Associated Press” tarqatgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, shahar markazida quyuq tutun ko‘tarilganida tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalari voqea joyiga darhol yetib kelgan.
Qutqaruvchilar yong‘inga qisqa tutashuv sabab bo‘lgan, deb taxmin qilishmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlangan mijozlarga kompensatsiya to‘lanishi kutilmoqda.
O‘.Alimov, O‘zA