Raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt – bu nafaqat texnologiyalar, balki davlatning har bir fuqaroga tezkor, qulay va samarali xizmat ko‘rsatish yo‘li hisoblanadi.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan to‘qqizta farmon va qaror qabul qilindi, – deydi Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi Jamila Bobonazarova. – Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal platformasi, “Raqamli hukumat” kabi tizimlarning tashkil etilishi natijasida davlat xizmatlari xalqimiz uchun yanada qulay, tezkor va shaffof xizmat ko‘rsatmoqda.
Bu boradagi natijalarga e’tibor qaratsak, 2017 yilda 444 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu ko‘rsatkich 1 ming 40 taga yetdi. Ko‘rsatilgan xizmatlar soni qariyb 10 barobarga ko‘payib, 55 milliondan oshdi. 90 dan ortiq xizmatlarni proaktiv va kompozit shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
2030 yilga qadar davlat xizmatlari soni 1,5 mingtaga, elektron xizmatlar ulushi 95 foizga yetkaziladi. Kelgusi yilning o‘zida 250 ta xizmatlar elektron shaklga o‘tkaziladi. Masalan, avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish kabi xizmatlardan elektron foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
E’tiborli jihati, endi “Qog‘ozsiz hukumat” tizimiga to‘liq o‘tilib, qog‘oz aylanmasidan butunlay voz kechiladi. Mavjud 40 million hujjatlardan 25 millioni, shundan keyingi yilning o‘zida 5 millioni raqamlashtiriladi.
Xizmat ko‘rsatish muddatlari keskin qisqartiriladi hamda ortiqcha hujjat va ma’lumotlar talab qilish bekor qilinadi.
Quvonarli tomoni,yuzdan ziyod davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari 50 foizga qisqaradi, natijada 110 dan ortiq ma’lumot va hujjatlar talab qilish to‘liq bekor qilinadi.
Eng yaxshi natijaga erishgan idoralar va xodimlarni rag‘batlantirish tartibi joriy qilinib, maxsus raqamli platforma orqali baholash amaliyoti tizimlashtiriladi.
E’tirof etish kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forumda Byurokratiyani bartaraf etish dasturini ishga tushirgani muhim voqelik bo‘ldi.
Mazkur forumda davlatimiz rahbari sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator rejalarni ilgari surdi. Hamkorlar bilan superkompyuter klasteri ishga tushiriladi, AQSHning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisi ochiladi, barcha hududlardagi "Kelajak markazlari"da sun’iy intellekt bo‘yicha maktab dasturi joriy qilinadi.
Maktablar o‘rtasida har yili sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir hududda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktabda eng zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi.
Sun’iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi tashkil etiladi, eng yaxshi natijalarga erishganlar ilg‘or texnologik kompaniyalarga stajirovkaga yuboriladi. "5 million sun’iy intellekt yetakchilari" loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. 2030 yilga qadar 4,75 million o‘quvchi va talaba, 150 ming o‘qituvchi, 100 ming davlat xizmatchisi o‘qitiladi.
Har yili noyabr oyi "Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi" deb e’lon qilinadi va doimiy ravishda "Ipak yo‘li sun’iy intellekt forumi" o‘tkazib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt orqali davlat xizmatlari xalqimiz uchun oson, tez va qulaylik yaratishi nuqtai-nazaridan byurokratiya qisqarishiga, qog‘ozbozlikdan voz kechilishiga, yangi O‘zbekistonda zamonaviy va insonparvar davlatning belgisi sifatida raqamli xizmat ko‘rsatishning qulayligiga erishiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FXZl5WeUk-w" title="“Qog‘ozsiz hukumat” tizimiga to‘liq o‘tiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Abduraimova,
Yo.Meliboyev (video), O‘zA