Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘g‘irchoq teatri yangi binoda
11:16 / 2024-06-03

Xorazm viloyatida ma’naviyat va ma’rifatni yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi madaniyat maskanlari soni yana bittaga ko‘paydi.

Xiva shahrida viloyat qo‘g‘irchoq teatrining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Ko‘hna shahar markazining eng so‘lim go‘shasida foydalanishga topshirilgan viloyat qo‘g‘irchoq teatrining ochilishi chinakam tantana tusini oldi. Unda xorijdan, poytaxtdan va respublikamizning boshqa viloyatlardan kelgan mehmonlar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov ishtirok etib, yig‘ilganlarni yangi san’at koshonasining ochilishi, bolajonlarni esa Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

[gallery-17674]

So‘zga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan e’tibor, xususan, viloyat qo‘g‘irchoq teatrining o‘tmishi va buguni haqida gapirdi.

– Teatr sohasi vakillarining mashaqqatli mehnati, yosh avlod ta’lim-tarbiyasidagi g‘oyat muhim vazifalarini inobatga olgan holda mana shunday zamonaviy teatr binosi qurib bitkazildi, – deydi Xorazm viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Davronbek Otaboyev. – Teatrimiz repertuarida 103 ta spektakl bo‘lib, ijodiy jamoa Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarda gastrol safarlarida bo‘lgan va qator xalqaro festivallarda faxrli o‘rinlarni egallagan. Artistlarimiz tomoshalar qo‘yish bilan bir qatorda o‘zlari sahnani bezatishadi, qo‘g‘irchoqlar va ularga kiyimlar tikishadi, musiqiy asboblarni chalib, raqsga tushadi va qo‘shiq kuylaydi.  

Ramziy lenta qirqilib, yig‘ilganlar teatrning yangi binosidagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Yangi bino qurilishi uchun byudjetdan 13 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 160 o‘rinli tomoshalar zali bunyod etildi, 65 nafar xodim mehnat qiladigan ijodiy jamoa uchun zarur barcha sharoit yaratildi.

Mehmonlarga yangi teatrda ilk sahna asari – “Jaloliddin Manguberdi” spektakli namoyish etildi.

Tadbirda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov ishtirok etdi.

 

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat),

O‘zA muxbiri