Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qodiriyning tabarruk yodi
23:18 / 2021-10-04

Poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy memorial muzeyida ulug‘ romannavis adib xotirasiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, taniqli fan, san’at, madaniyat arboblari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari rektorlari, talaba va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Abdulla Qodiriy shaxsiyatining fenomeni shundaki, ma’rifatparvar ijodkor mustabid tuzumning makkor rejasini, bu zaminga tikkan ochko‘z nazari aslida qanday mudhish va shum niyatlarni ko‘zlayotganini bashoratgo‘ylardek oldindan aniq-ravshan ko‘ra bilgan.

Tadbirda o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adib Abdulla Qodiriy porloq xotirasi, hayoti va ijodi bilan bog‘liq tarixiy voqeliklar xususida so‘z yuritildi.

Adabiyotshunoslar fikricha, Abdulla Qodiriy ijod namunalari millatparvarlik, ma’rifatparvarlik ruhi bilan ahamiyatlidir. Muallif xalqning zabun holatidan kuyib so‘zlaydi, millatni uyg‘onishga da’vat etadi, fikrlashga chorlaydi

XX asr yangi o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, o‘zbek romanchiligining asoschisi bo‘lgan adib ijodiy merosi yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida muhim ahamiyatga egadir.

Ayrim tarixiy manbalarga ko‘ra, bundan roppa-rosa 83 yil ilgari, 1938 yil 4-7 oktyabrda millatimizning bir qator fidoyi ma’rifatparvarlari, ulkan iste’dod sohiblari, Vatan, el-yurt ravnaqi, ozodligi, tarafdorlari, qalbi va ongi uyg‘oq, tafakkur taraqqiyotiga chanqoq jadidlar, shu jumladan, Abdulla Qodiriy ham shafqatsizlarcha qatl etilgan.

Ularning tabarruk yodini aziz bilish, porloq xotirasiga e’zoz-ehtirom ko‘rsatish biz avlodlarning ma’naviy va insoniylik burchimizdir!

Tadbirda teatr aktyorlari tomonidan Abdulla Qodiriy asarlari asosida turli sahna ko‘rinishlari, milliy raqslar namoyish etildi.

Ushbu tadbir doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining iqtidorli talabalari o‘rtasida Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan syujetlar yaratish bo‘yicha ijodiy tanlovga start berildi.

13 oktyabr kuni Toshkent Fotosuratlar uyida tanlov ishtirokchilarining “Abdulla Qodiriyning ibratli izdoshlari” deb nomlangan ko‘rgazmasi ochilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

N.Usmonova, O‘zA