Poytaxtimizdagi «Turon» Axborot-kutubxona markazida «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyining 101 yilligi va Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» asarining 100 yilligi munosabati bilan «O‘tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon» romanlarining o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi nashrlarining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu asarlar milliy adabiyotimizning o‘ziga xos etaloni, brendi, yuksak ijodkorlik maktabining namunasi sanaladi.

Abdulla Qodiriyning mazkur asarlari o‘n to‘qqizinchi asr oxiri va yigirmanchi asr boshlarida o‘zbek milliy madaniyati, tarixi, urf-odatlari, shevasi haqida batafsil ma’lumot beradi. Ayni paytda bu asarlar mamlakatimizga yopirilib kelayotgan mustamlakachilarning zulmidan ogoh etadi. Pokiza mehr-muhabbatdan so‘zlaydi. Xalqimizni tanazzulga yetaklovchi illatlarni beayov fosh etadi. Adabiyotshunos olimlar, yozuvchilar, ijod ahli, kutubxonachilar, adabiyot ustozlari Qodiriyning ushbu asarlarini qayta-qayta o‘qib chiqishni tavsiya etadilarki, bunda romanlarning mohiyati, g‘oyaviy-badiiy tagqatlamlari yanada teranroq ochilib boraveradi.

E’tirof etilganidek, Qodiriy boboning ushbu romanlari hali hamon mamlakatimiz va xorijlik olimlarning ilmiy tadqiqot markazida bo‘lib turibdi. Dunyoning turli tillariga tarjima etilmoqda.

Anjumanda Abdulla Qodiriy ushbu romanlari, ularda ilgari surilgan g‘oyalar, asarlarning tarbiyaviy ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri