English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qodiriyga munosiblik mas’uliyati
17:33 / 2021-10-14

Poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy memorial muzeyida "O‘tkan kunlar yodi" deb nomlangan adabiy- badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi,  Abdulla Qodiriy memorial muzeyi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent viloyati "Turon" axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiya raisi Akmal Nuriddinov, taniqli adabiyotshunos olim Bahodir Karimov, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Nodirbek Sayfullayev  va boshqalar Abdulla Qodiriy shaxsiyati g‘oyat murakkab ekani, unga munosiblik ijodkorlarga ham, yoshlaru kitobxonlarga  katta mas’uliyat yuklashini ta’kidladi. Bunday tadbirlar kitobxonlar safini oshiradi, yoshlarning ma’rifatparvar bobolarimizga bo‘lgan hurmati va ehtiromini kuchaytiradi.

– Abdulla Qodiriy siymosini yaratish ijodkorga juda katta mas’uliyat yuklaydi, – dedi Badiiy akademiya raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov. – Nazarimda, adib shaxsiyatini o‘rganish ijodkordan qaysidir ma’noda o‘zligidan ham kechishni, o‘sha davrning og‘ir va o‘ta  murakkab muhitini teran anglashni, buni yurakdan o‘tkazishni talab etadi. Biz ko‘pincha ajdodlarimiz bilan faxrlanish bilan cheklanamiz, xolos. Lekin "Ularga nechog‘li munosibmiz?" degan fikrning ustida ham jiddiy mulohaza, mushohada yuritmoqlik muhimdir.

– O‘zbek adabiyotida ko‘plab asarlar bor, – dedi adabiyotshunos olim Bahodir Karimov. – Lekin, nazarimda, "O‘tkan kunlar" romani yaratilgan davrida ham, hozir ham birinchi raqamli asardir. Adabiyotda qodiriyshunoslik degan yo‘nalish paydo bo‘ldi.  Negaki, Abdulla Qodiriy ijodi cheksiz ummonga o‘xshaydi. Uni tinimsiz o‘rganish kerak, deb o‘ylayman.

Shu kunlarda mamlakatimizning barcha maktablari, oliy o‘quv yurtlarida, harbiy qismlarda qodiriyxonlik tadbirlari, adabiy anjumanlar, davra suhbatlari, muloqotlar qizg‘in ruhda bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda poytaxtimizdagi teatr jamoalari, ta’lim maskanlarining o‘quvchilari ishtirokida Abdulla Qodiriy asarlaridan lavhalar namoyish etildi. Taniqli teatr rassomi Baxtiyor To‘rayevning atoqli adibning "O‘tkan  kunlar" romani lavhalari asosidagi "O‘tkan kunlar yodi" nomli tasviriy-musiqiy  kompozitsiyasi namoyish etildi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti iqtidorli talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan "Abdulla Qodiriyning ibratli izdoshlari" nomli ko‘rik-tanlov g‘oliblari sertifikat va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

 

     Nazokat Usmonova, O‘zA