Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qodiriyga “boshqacharoq” koʻringan kimsalarning avlodlari hozir ham yonimizda
10:35 / 2020-09-24

Unday millatlar yolgʻizgina Vatanlaridan emas, butun borligʻi bilan tarix yuzidan yoʻqolishga majbur boʻladilar.”

Aks-sado 

Ulugʻ bobokalonimiz Alixontoʻra Sogʻuniy oʻtgan asrning ikkinchi yarmida til sohasida olib borilgan bir yoqlama siyosatni, sobiq ittifoq rahbariyatining milliy tillarga nisbatan zimdan oʻtkazgan tazyiqini sezib, oʻsha paytlari oʻzbek tili taqdiri oldida turgan ulkan xavfdan bizni shunday deb ogohlantirgan edi: “Qaysi bir millatning ona tili oʻz hojatini oʻtayolmay, boshqa yot tillar oldida magʻlubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat koʻp uzoqlashmayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. 

Unday millatlar yolgʻizgina Vatanlaridan emas, butun borligʻi bilan tarix yuzidan yoʻqolishga majbur boʻladilar.”

Boy va qadim tarixga, dunyodagi bironta tilda uchramaydigan oʻta noyob iboralar, betakror soʻzlarga, ulkan lisoniy xazinaga ega boʻlgan holda oʻtgan asrda oʻzbek tili oʻta mashaqqatli, ogʻir sinov damlarini boshidan oʻtkazdi. Tashqi va ichki gʻanimlarimiz qayerdaki oʻzbek tilida yozilgan noyob yozuvlar boʻlsa, yoʻqotish payida boʻldi, ilm maskanlari, kitoblar gʻorat qilindi, oʻzbek tilining sara bilimdonlari, maʼnaviyatimiz dargʻalari quvgʻin ostiga ostiga olindi. 

Alisher Navoiyning asarlari asl holatida oʻquvchilarga taqdim etilmadi, “Temur tuzuklari”ga “chop etmaslik” tamgʻasi bosildi, Abrurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy singari yurt fidoiylari xalq dushmanlari deb eʼlon qilindi. Bularning barchasi millat tamadduni, ona tili taraqqiyoti yoʻllariga qoʻyilgan sunʼiy gʻovlar edi. Bu qanday bedodlik ediki, millat uchun, ona tili rivoji uchun kurashganlarni uning dushmani deb eʼlon qilsalar?!

Maqsad nima edi? Ularga mute, labbaygoʻy, tarixidan musovo boʻlgan qatlam kerak edi. Maʼlum bir maʼnoda bunga erishdilar ham.

Aslida, shunga loyiqmidik? Yoʻq, albatta! Ular nimadan qoʻrqqan edi? Ularning yuragiga gʻulu solgan narsa olis tarix qaʼridan kelayotgan oʻzbek – turkiy tilning oʻktam ovozi, gulduros qudrati edi. Oʻtmishda Buyuk ipak yoʻlida asosiy muloqot tillaridan biri boʻlgan oʻzbek tili yurtimizda boshqaruvni qoʻllariga olgan kimsalarga choʻgʻ boʻlib koʻrindi. 

Qaysi bir sohani olib qaramasinlar, turkiy til, yaʼni oʻzbek tili satrlar qaʼridan sizib chiqib kelaverdi. Iqtisodiy, tibbiy, harbiy, tijorat sohalarda qoʻllangan behisob soʻz va atamalar oldida boshqa tillar ojiz boʻlib qoldi. Solishtirib qaralganda oʻzbek tili ularning tillariga qaraganda tarixan “soqov” emas, balki anchagina “biyron” boʻlib chiqdi. Aynan mana shu vajdan ular yurtimizda oʻzlariga moslab ayricha til siyosatini olib bordi.

Xalqimizda “Oqqan daryo oqaveradi” degan hikmatomuz maqol bor. Ona tilimiz yoʻllariga qanchalik toʻsiqlarni qoʻymasinlar, oʻzbek tili oʻzligini, koʻrkam soʻzligini, tarixiy qudratini aslo yoʻqotmadi. Yillar va asrlar osha xalqimizning vijdoni, iymoni, maʼnaviyati va maʼrifatining oʻlmas timsoli boʻlib yashayverdi...

Mustaqillik haqida toʻlib-toshib gapirish mumkin. U tufayli erishgan yutuqlarimiz koʻp, ammo eng muhimi va asosiysi bu – til sohasidagi erkinlik, oʻzbek tilining tom maʼnodagi mustaqilligidir. Buning mohiyatini hamma ham sezavermadi va, ming afsuski, hamon sezmayotir.

Bir rivoyatda keltirilganidek, zanjirband filni ozod qilganlarida ham u oʻzini bogʻlangan deb hisoblab, turgan joyidan ketmagani singari oradan shuncha yillar oʻtsa ham dunyoqarashi mutelik iskanjasidan qutila olmayotgan yurtdoshlarimizning ona tilimizga qarashlari oʻzgarmadi. Ularning nazarida “goʻyoki oʻzbek tili kambagʻal emish”. Ammo Abdulla Qodiriy taʼbiri bilan aytganimizda: “Oʻzbek tili kambagʻal til emas, oʻzbek tilini kambagʻal deganlarning oʻzi kambagʻal, ular oʻzlarining nodonligini oʻzbek tiliga toʻnkashadi”. Mana, sizga haqiqat.

Shu oʻrnida oʻylab qolaman. Beruniy dahosining siri nimada? U 120 dan ortiq tilda erkin gaplasha olgan. Demak, boshqalarga nasib qilmagan ilm sirlarini u oʻzi boxabar boʻlgan tillar orqali olgan, alloma ilmining kemtik joylari faqat ungagina maʼlum boʻlgan dunyo tillaridagi maʼlumotlar orqali oʻz sayqalini topib borgan.

Forobiy dunyoqarashining kengligi ostida ham undagi lisoniy bagʻrikenglik tushunchasi bor. Al-Xorazmiy, Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Yusuf Xos Hojib, qoʻyingki, oʻzbek ilm-fani, madaniyati va sanʼati rivojiga tamal toshini qoʻyib ketgan barcha allomalar eng kamida uchta tildan xabardor boʻlishgan. Bu ularga dunyoni anglashda ulkan imkoniyatlar eshigini ochib bergan.

Oʻzbek adabiy tili asoschisi sanalgan hazrat Alisher Navoiy ham arab, fors tillaridan mukammal xabardor boʻlgan.

Demak, qanchalik koʻp tilni bilsang, ularni solishtirish, qiyoslash, ona tilining ulkan imkoniyatlarini boshqalardan koʻra ikki-uch hissa koʻproq bilish qobiliyatiga ega boʻlar ekansan. Bugun bir qancha tillardan xabardor boʻlgan fizika, matematika, kimyo, informatika va hokazo fanlar boʻyicha yetuk boʻlgan mutaxassislarimiz, allomayu zamonlar nega shunday qilishmaydi? Chunki, ularda ona tilidan faxrlanish, gʻururlanish hissi yoʻq. Oʻzga tilning taʼsiriga tushgan boʻyi unga mahliyo boʻlib qotib qolgan.

Bugun dunyo manzarasi oʻzgardi. Oʻzining ona tillarini ilm-fan, texnika tillariga aylantirishning uddasidan chiqa olgan ingliz, nemis, fransuz, rus, xitoy, yapon xalqlari tillari jahonda ustuvorlik kasb etmoqda.

Oʻzbek tili ular kabi mana shunday sharafga loyiq emasmi? Shunday savolni qoʻyib javobini kutadigan boʻlsak, har tarafdan, oʻtmishdan, dunyoning olis puchmoqlaridan, kelajakdan aks-sado qaytishi aniq: “LOYIQ!”. Loyiqligini isbotlashga urinish allaqachon boshlagan. Taassuflar boʻlsinkim, Qodiriyga “boshqacharoq” koʻringan kimsalarning avlodlari hozir ham yonimizda, ularning nazarida oʻzbek tili ilm-fan, texnika, kompyuter tiliga aylana olmaydi. 

Bunday fikrlar millat tamadduni uchun gʻoyatda xavflidir. Toʻgʻri, oʻzbek tili taraqqiyoti yoʻllarida yotgan koʻrinmas gʻovlar, Navoiy taʼbiricha “tikonlar”, “ilonlar” koʻp. Faqat shu yoʻlda qoʻrqmay, sabot bilan tura bilish kerak. Shunday “gʻovlar”dan eng kattasini – loqaydlik, sustkashlik “toshi”ni Prezidentimiz oʻtgan yili 21-oktyabr kuni oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganing 30 yilligiga bagʻishlangan marosimdagi nutqida olib tashladi.

Shavkat Mirziyoyevning “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir” degan soʻzlari nafaqat yuragimizda olam-olam sevinch, iftixor tuygʻularni uygʻotadi, balki zimmamizga ulkan vazifalarni yukladi ham. Bundan qoʻrqmaslik va choʻchimaslik kerak. “Qoʻrqqanga qoʻsh koʻrinadi”, “Intilganga tole yor” deydilar. Ona tili va uning mavqei uchun kurashish sharafli va ayni paytda oʻta masʼuliyatli ishdir.

Oʻrni kelganda taʼkidlab oʻtish joizki, 2016-yilning 13-may kuni tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi ham ona tilimizga boʻlgan eʼtiborning ibratomuz namunasi edi. Hozir ushbu dargohda oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha tegishli fanlarni zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari asosida oʻqitish, oʻzbek tilining xalqaro maydonlardagi nufuzini oshirish yuzasidan koʻplab diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilyapti. 

Dunyoning 70 dan ortiq oliy taʼlim muassasasi bilan ilmiy aloqalar oʻrnatildi, oʻnlab davlatlarda “Oʻzbek tili va madaniyati markazlari” tashkil etildi, 3 ta xalqaro jurnal qayddan oʻtkazildi, 300 dan ortiq talaba va professor-oʻqituvchi xorijda tajriba almashib qaytdi. Olimlarimiz ajdodlarimizning asarlarini butun dunyo mutolaa qilayotgani haqida toʻlqinlanib gapirishgan boʻlsa, ularning asarlari dunyo minbarlarida oʻzbek tilida jaranglashi boʻyicha ezgu istaklarini ham bildirishgan edi. Mana, oʻsha kunlar yetib keldi.

2020-yil 23-sentyabr. Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib soʻzlangan oʻzbek tilidagi ilk nutq ota-bobolarimiz orzu qilgan, hazrat Alisher Navoiy jiddu jahdi bilan kurashgan ona tiliga eʼtiborning yana bir yorqin isboti boʻldi. Shavkat Mirziyoyevning nutqidan oʻrin olgan masalalar sodda, loʻnda, izchil, barchaga tushunarli boʻlgan tilda bayon etib berildi.

Yaqinda keng nishonlanadigan “Oʻzbek tili bayrami kuni” oldidan Prezident tomonidan oliy darajadagi bunday nutqning irod qilinishi yurtimizda davlat tiliga, uning taqdiriga boʻlayotgan ulkan eʼtibor nishonasidir. Bir soʻz bilan aytganda, nutq orqali Oʻzbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davri talablari fonida ona tilimizning jamiyatdagi va xalqaro maydondagi oʻrni hamda nufuzini oshirish boʻyicha xayrli ishlarga start berildi.

Til masalasi millat oʻtmishi, buguni, kelajagi, muayyan jamiyat aʼzolarining maʼnaviyati, eʼtiqodi, qadriyatlari bilan bogʻliq eng muhim masala sanalgani bois, unga aslo befarq qarab boʻlmasligini Prezident nutqi koʻrsatib turibdi.

Davlatimiz rahbari ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qoʻllanish doirasini kengaytirish borasidagi ishlarni dadil, mardona boshlab berdi. Endigi gal siz-u bizniki – hammamizniki!

Abdulhay Sobirov,
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti
universiteti professori,
filologiya fanlari doktori