English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qodiriy xazinasi
14:58 / 2024-03-04

Yangi kitoblar

“Abdulla Qodiriy qoldirgan xazina”. Bejirimgina ushbu kitob shunday nomlangan. 

O‘quvchi Abdulla Qodiriy nomini o‘qishi bilan kitobga qiziqish bilan qarashi bor gap. Chunki uning ko‘z o‘ngida Otabek, Kumush, Anvar va Ra’no kabi betakror obrazlar kino lentadek o‘ta boshlaydi. 

O‘quvchi yozuvchini, garchi shaxsan tanimasa ham, asarlarini o‘qib, qanday shaxs ekanini g‘oyibona bilishi, tasavvur qilishi mumkin. Aslida esa yozuvchi o‘z asarlarida asosan o‘z tabiatini, ruhiyatini tasvirlaydi. 

Buyuk adib Abdulla Qodiriyning har bir asari ham hayot maktabi, ham adabiyot maktabi, desak mubolag‘a qilmaymiz. Uning asarlarini har o‘qiganda inson o‘zi uchun yangi qirralarni kashf etadi. Adibning qalamiga mansub “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” va “Obid ketmon” asarlari har bir kitobxonni o‘ziga rom etgani ham bor haqiqat. Har uch asar mavzu va qahramonlar jihatidan bir-biriga bog‘langan emas, lekin ular bir ong va bir ruhiyatda pishib yetilgan. Shu ma’noda ushbu asarlar yaxlitlik kasb etgan, bir-birini to‘ldirgan. 

Adibning oilasida dunyoga kelib, o‘sib- ulg‘aygan nabirasi Sherkon Qodiriyning bobosi yaratgan asarlarga yangicha qarashi va u kashf etgan qirralar, albatta, kitobxonlar uchun qiziqarli, qadrlidir. Kitob muallifining aytishicha, asarni kamida besh marotaba o‘qish kerak. Chunki har safar o‘qiganda, albatta, yangi tasavvurlar namoyon bo‘laveradi. 

Kitobning so‘zboshisida muallif shunday yozadi: “... rahmatli ustoz Tohir Malik “Bobongiz asarlaridagi qahramonlar tasviri va asardagi tabiat manzaralari haqida ham to‘xtaling” deb maslahat bergandilar. 

Sherkon Qodiriy uzoq izlanishlar natijasida ziyoli insonlar maslahati bilan ushbu kitobni yozishga erishdi. Uch bo‘limdan tashkil topgan kitobda Abdulla Qodiriyning har uchta asari haqida so‘z boradi. Birinchi bo‘limda “O‘tgan kunlar”, ikkinchi bo‘limda “Mehrobdan chayon” va uchinchi bo‘limda “Obid ketmon” asarlari, undagi obrazlar xarakteri, tabiat manzaralari va yozuvchi tomonidan ishlatilgan hikmatlar va iboralar alohida izohlanadi. 

Sherkon Qodiriy otasi xotiralaridan birini shunday eslaydi: “Bobongning ijodi misoli uzukka qo‘yilgan bir nodir tosh. Afsuski, hozirgi avlod buning qanday qimmatbaholigini bilishmayapti-da”, deb o‘kingandilar”. 

O‘quvchi kitob mutolaasi chog‘ida o‘zi uchun yangi qirralarni ilg‘ashi mumkin. Buning uchun har uchta asarni va yangi ushbu kitobni birdek solishtirib, qiyoslab o‘qish yanada ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lishga zamin yaratishi mumkin. 

Asror Sulaymonov, O‘zA