Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qodiriy – dunyo e’tiboridagi adib
07:59 / 2021-10-08

1938 yil.Oktyabrning ilk zax kunlari. Daraxtlarning xazonrezgisi millat boshiga tushgan ko‘rguliklarni oldindan ko‘ra bilgandek go‘yo.

 Toshkentdagi  Alvasti ko‘prik ataluvchi ko‘rimsiz, xilvat joy.  Keksa avlod yurak og‘rig‘i bilan yodga oladi o‘sha mash’um joy nomini.

     Arxiv materiallariga ko‘ra, O‘zbekiston tarixidagi eng qayg‘uli kunlardan biri edi u kunlar. O‘shanda xalqimizning eng ziyoli olimlari va davlat arboblaridan bir guruhi sho‘ro davrining qatag‘on qurboniga aylangan.

     Manbalarda keltirilishicha, SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi qarori bilan ushbu kun otuvga hukm qilinganlar orasida Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Xudoybergan Devonov, Rahim Inog‘omov, Usmon Eshonxo‘jayev, Rustam Islomov, Fayzulla Rahimboyev, Akbar Islomov, Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev kabi shaxslar bo‘lgan...

   Shak-shubhasiz, Abdulla Qodiriy bobomiz millatimiz ma’rifatparvar ziyolilarining  yorqin namoyandalaridan edi. O‘zligimiz, ma’naviyatimiz, ona tilimizga, xalqning kelajagiga bo‘lgan munosabatimiz, e’tiqodimiz bevosita Abdulla Qodiriy nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Uning siymosida millat qayg‘usi, kelajagi yo‘lida aziz jonini fido qilgan ma’rifatparvar bobolarimiz gavdalanishi ham bejiz emas albatta.

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30 sentyabrdagi yig‘ilishining  tegishli bayoni asosida milliy adabiyotimiz va madaniyatimizga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adib ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi benihoya ulkan hissasini inobatga olgan holda joriy yil 4-14 oktyabr kunlari yurtimizda "Abdulla Qodiriy – O‘zbek adabiyoti xazinasidan"  mavzusida adabiy-badiiy kecha hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda.

    Mana bir necha kundirki, Abdulla Qodiriy memorial uy-muzeylarida, oliy o‘quv yurtlarida, o‘rta maxsus bilim dargohlarida,  maktablarda, harbiy qismlarda  ulug‘ yozuvchi ijodiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, kechalar, adabiy muloqotlar qizg‘in ruhda bo‘lib o‘tmoqda. Ularda adabiyotshunos olimlarimiz, yozuvchi va shoirlar, blogerlar, umuman, Qodiriy bobo hayoti va ijodiy merosiga befarq bo‘lmagan barcha hamyurtlarimiz faol ishtirok etmoqda. Qodiriyning achchiq, lekin millat qayg‘usi yo‘lida xazon bo‘lgan hayoti, serqirra ijodiy faoliyatining targ‘iboti, ayniqsa, yoshlarni milliy adabiyotimiz, ona tilimizga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishga undamoqda.

    Adib nomi bilan ataluvchi memorial muzeyda uning asarlari asosida suratga olingan filmlar namoyishi bo‘lib o‘tmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Qodiriy bobo hayoti va ijodiga bag‘ishlangan chellenjlar o‘tkazilayotir. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa tegishli tashkilotlar  bilan hamkorlikda "Abdulla Qodiriyning ibratli izdoshlari" nomli badiiy ko‘rgazmaga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shu bilan birga adabiyotshunos ustozlarimizning Abdulla Qodiriy faoliyati, shaxsiyati va ijodiga oid adabiy-badiiy publitsistik kitoblarining taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Yurtimiz teatrlarida Abdulla Qodiriy asarlari asosidagi spektakllar namoyish etilayotir.

  Ijod maktablarida taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotimiz fidoyilari ishtirokida Abdulla Qodiriy va boshqa jadidchilik harakatining namoyandalari, ma’rifatparvarlar merosini keng targ‘ib etish maqsadida mahorat darslari g‘oyat samimiy ruhda o‘tkazilmoqda.

  Abdulla Qodiriyning "Saylanma"si, Habibula Qodiriyning "Otam haqida" xotiralar kitobi, Sherkon Qodiriyning "Bobom haqida" xotiralar kitobi,  Bahodir Karimovning "Abdulla Qodiriy fenomeni" monografiyasi, "O‘tkan kunlar" ibrati" kitobi, Naim Karimovning  "Qodiriy zamondoshlari" qomusiy kitobi yuzasidan tashkil etilayotgan adabiy uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar, davra suhbatlari adabiyot muxlislarining bilimlarini yanada boyitmoqda.  

      Ha, Qodiriy bobomizning merosi bugungi kunda nainki mamlakatimiz, balki AQSH, Kanada, Germaniya, Turkiya va boshqa xorijiy davlatlarda ham o‘rganilmoqda, tadqiq etilmoqda. Demak, Qodiriy dunyo e’tiboridagi, mangulikka daxldor adib.

  Nazokat Usmonova,

   O‘zA