Qobulda maktabda uyushtirilgan portlash qurbonlari 85 kishiga yetdi
O‘tgan shanba kuni Qobul shahridagi maktabda uyushtirilgan qo‘poruvchilik natijasida qurbonlar soni 85 kishiga yetdi, 150 kishi jarohat olgan, deb xabar beradi mahalliy Ariana News telekanali ikkinchi vitse-prezident Sarvar Donish idorasidan berilgan ma’lumotga tayanib.
Bundan avvalroq 55 kishi halok bo‘lgani haqda aytilgan edi.
Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, 8 may kuni avval boshda minalashtirilgan avtomobil portlagan, keyin ikkita raketa hujumi uyushtirilgan. Portlash o‘quvchilar maktabni tark etayotganda ro‘y bergan, qurbonlarning aksariyati qizlar ekani aytilmoqda.
«Tolibon» harakati ushbu xunrezlikka aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ushbu hujumni toliblar uyushtirganini ta’kidlar ekan, «ular shu yo‘l bilan zo‘ravonlik ko‘lamini oshirib, hozirgi inqirozni tinch yo‘l bilan hal etishdan manfaatdor emasligini namoyon qilayotganini» aytib o‘tdi.
Seshanba kuni mamlakatda motam e’lon qilindi.