Tasavvur qiling, bepoyon dasht sukunatini to‘satdan shamolning hushtagi, bo‘rining ma’yus uvillashi yoki osmonda saf tortib uchayotgan turnalarning vidolashuv nidosi buzadi. Ammo bu tabiatning tabiiy tovushlari emas.
Bu – oddiy tut yog‘ochi, tuya terisi va otning qilidan yaralgan mo‘’jiza – qo‘bizning qadimiy sadosidir. Koinot va tabiat bilan tillasha oladigan ushbu cholg‘u haqida so‘z ketganda, ko‘pchilik uchun kutilmagan bir tarixiy haqiqat yuzaga chiqadi: bugun dunyoning eng hashamatli sahnalarida yangrayotgan “oqsuyak” skripka va uning oilasiga mansub violonchellarning “ildizi” aynan shu oddiy cholg‘uga borib taqaladi. Yevropa musiqa madaniyatining gultojiga aylangan Fidel va Rebek sozlari paydo bo‘lishidan ming yillar avval, Turon zaminida qo‘biz allaqach inson ruhiyatini davolayotgan edi.
XX asr musiqashunoslari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar qo‘bizning yer yuzidagi eng qadimiy kamonli cholg‘u ekanligini tasdiqladi. Uning tuzilishining o‘ziyoq tabiat bilan uyg‘unlikdan darak beradi: ustalar chanqoq va issiqqa chidamli tut daraxti kundasini o‘yib, uning kosasiga cho‘l kemasi – tuyaning jag‘ terisini qoplaydilar. Tovush chiqarish uchun esa egik kamonchaga tortilgan ot qillari qo‘llaniladi. Bu shunchaki material tanlovi emas, balki ko‘chmanchi turkiy qabilalar hayot tarzining musiqiy ifodasidir. Uning tovushida inson ovoziga xos nola va titrashlar mavjudligi bois, tinglovchi uni shunchaki eshitmaydi, balki butun vujudi bilan his qiladi.
O‘tgan asrning boshlarida hozirgi O‘zbekiston hududining deyarli barcha viloyatlarida keng tarqalgan ushbu cholg‘u, vaqt o‘tishi bilan sivilizatsiya va zamonaviy musiqa oqimlari ta’sirida chekinib bordi. Bugungi kunda u asosan Qoraqalpog‘iston hududidagina jonli ijro an’anasini saqlab qolgan. Bu yerda qo‘biz qahramonlik dostonlarini kuylovchi jirovlarning ajralmas hamrohi vazifasini bajarmoqda. Jirovlar – xalqning tirik xotirasi bo‘lib, ular qo‘bizning bo‘g‘iq va sirli nolasi jo‘rligida “Alpomish”, “Qirq qiz” kabi dostonlarni kuylaganda, tinglovchi ko‘z o‘ngida o‘tmish jonlanadi. Biroq so‘nggi yillarda ushbu noyob san’at ustida qora bulutlar paydo bo‘la boshladi. Yosh avlod orasida estrada va elektron musiqaga qiziqishning ortishi, aksincha, murakkab ijro texnikasiga ega bo‘lgan qo‘bizga ixlosmandlarning kamayishi, shuningdek, cholg‘uni an’anaviy usulda yasovchi mohir ustalarning barmoq bilan sanarli darajada qolishi xavotirli belgilarni berdi.
Milliy o‘zlikning bir qismi bo‘lgan bu san’at turi tarix qa’riga singib ketish xavfi ostida qolgan bir paytda, vaziyatga global miqyosda e’tibor qaratish zarurati tug‘ildi. O‘zbekiston tomonidan olib borilgan maqsadli sa’y-harakatlar natijasida masala dunyo hamjamiyati kun tartibiga olib chiqildi. Va nihoyat, 2025 yil 9 dekabrda Hindiston poytaxti Nyu-Deli shahridan quvonchli xabar keldi: YUNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasida “Qoraqalpoq qo‘bizini yasash va uning ijrochilik san’ati” rasman insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. E’tiborli jihati, u shunchaki ro‘yxatga emas, balki vaziyatning qaltisligini inobatga olgan holda, “Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxati”ga olindi.
Ushbu tarixiy qaror endilikda qo‘biz san’ati faqat bir xalqning emas, balki butun insoniyatning muhofazasida ekanini anglatadi. YUNESKOning e’tirofi – ming yillik tarixga ega, skripkaning onasi bo‘lgan dasht navosi bundan keyin ham avlodlarga yetib borishining xalqaro kafolatidir. O‘zbekistonning YUNESKO ro‘yxatlaridagi madaniy durdonalari sonini o‘n oltitaga yetkazgan ushbu voqea, o‘z o‘rnida, bizning qadimiy ildizlarimiz naqadar chuqur va mustahkam ekanini yana bir bor isbotladi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA