Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoʻshtepa tumani hokimligi qurilish tashkilotlariga toʻsqinlik qilmoqda. Nega?
10:15 / 2020-08-07

Bu boʻyicha tender oʻtkazilib, unda gʻolib boʻlgan qurilish tashkilotlari ish boshladi.


Fargʻona viloyatida bugungi kunda keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, Qoʻshtepa tumanida joriy yilda investitsiya dasturi asosida 3 ta maktabgacha taʼlim tashkilotini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bu boʻyicha tender oʻtkazilib, unda gʻolib boʻlgan qurilish tashkilotlari ish boshladi. Ammo tuman hokimligi ularning faoliyatiga aralashib, bosim oʻtkazayotgan ekan.

Xoʻsh, buning sababi nimada? Biz quruvchilarning murojaatlari asosida tumanda boʻlib, holatni oʻrgandik.

“Fargʻona garant loyiha servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Dehqonoobod” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 5-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida 2 milliard 703 million soʻm mablagʻ evaziga 120 oʻrinli bino bunyod etilyapti.

Poydevor qoʻyish ishlarini endigina boshlayotgan bu jamiyatga tuman hokimligi tomonidan kutilmagan topshiriqlar kela boshladi. Maʼlumotlarga qaraganda, tuman hokimi masʼullarga mazkur qurilish tashkilotlarining soliqlarini shu hududga toʻlashi boʻyicha topshiriq bergan.

“Emishki, qurilish tashkiloti soliqlarning barchasini tumanga toʻlashi shart ekan”. Fargʻona shahrida joylashgan “Fargʻona garant loyiha servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati soliqlarni oʻz vaqtida toʻlab kelayotgan boʻlib, bunday “shart”dan bosh tortdi. Axir yuridik manzilni oʻzgartirish, uni tumanga olib kelish singari qogʻozbozlik, ortiqcha ovoragarchiliklarning kimga keragi bor. Buning ustiga jamiyat quruvchilari viloyatning boshqa hududlarida ham qurilish obyektlarini olgan. Lekin Qoʻshtepa tumani masʼullari negadir mazkur qurilish tashkilotining “ortiga” tushib qoldi.

Shundan soʻng qurilish tashkiloti turli bosimlar va bosh ogʻriqlar ostida qoldi. Bir qaraganda, ularning aybi yoʻq. Berilgan ishlar oʻz vaqtida bajarilyapti. Ammo tuman elektr tarmoqlari korxonasidan kelishib, qurilish obyektini hech qanday ogohlantirish va asoslarsiz tarmoqdan uzib qoʻyishdi. Vaholanki, elektr tarmogʻiga ulanish uchun barcha tegishli hujjatlar qilingandi.

– Elektr-energiya boʻlmasa, qanday qilib qurilish qilish mumkin, – deydi jamiyat rahbari Muzaffarjon Solijonov. –Biz hokimlikning muddaosini rosti tushuna olmayapmiz. Mutasaddilarga bu borada murojaat qildik. Elektr korxonasidan kelib “hokimiyat bilan muammolaring bor ekan” deb kechasi uzib ketishibdi. Besh-olti kun svetsiz ishladik. Nazoratchini chaqirib, kecha yana tarmoqqa ulandik. Bunaqa qilib, qanday ishlash mumkin axir? Ishlarimiz chala qolyapti, belgilangan ishlarni oʻz vaqtida qila olmayapmiz.

“Star” masʼuliyati cheklangan jamiyati tumandagi 42-maktabgacha taʼlim tashkiloti filialini qurmoqda. Bu yerda deyarli 80 foiz ishlar qilingan boʻlib, ayni kunlarda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Hokimlik mazkur tashkilotga “soliqlarni tumanga toʻlab qoʻy” deya topshiriq bergan. Bunga koʻnmagandan soʻng bu qurilish obyekti ham elektr tarmogʻidan uzib qoʻyildi. Mana, sizga tuman hokimligining antiqa “tomoshasi”. Hatto bu ishga tadbirkorlarning koʻmakchisi va himoyachisi soliq, moliya kabi idoralarning xodimlari aralashgan. Ish yurituvchi Rahimberdi Sultonovning aytishicha, ular bunday bosimdan ilojsiz qolmoqda. “Qoʻrgʻoncha” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 33-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotini rekonstruksiya qilayotgan “Fergana defend” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham elektr tarmogʻidan uzilgan. Ular bugungi kunda ish jarayonida dvijokdan foydalanishyapti.

Biz tuman davlat soliq inspeksiyasi, moliya boʻlimining rahbarlari bilan bu masalada gaplashib, vaziyatga oydinlik kiritmoqchi boʻldik. Afsuski, ular turli bahonalar bilan uchrashishni istashmadi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasining bosh muhandisi Muzaffar Ashurov esa “bu MIBning ishi” deya oʻzini olib qochdi.

Tuman hokimining qurilish ishlari boʻyicha oʻrinbosari Bahromjon Qurbonov bilan uchrashdik.

-Shu yerda ish qilgandan soʻng, tumanga ham yordam berishi kerak-da, -deydi u. –Ammo biz tomondan hech qanday bosim boʻlgani yoʻq. Mutasaddilar bilan qurilish obyektlari holatini oʻrganganimizda quruvchilar belgilangan karantin qoidalariga amal qilmayotganini koʻrdik. Bu boʻyicha tegishli tashkilotga xat yubordik.

Qiziq jihati, Qoʻshtepa tumanida pandemiya sharoitida ishlayotgan qurilish tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash oʻrniga ularning faoliyatiga turli toʻsiqlar qoʻyilayotgani kishini taajjublantiradi. Axir bundan kim manfaatdor? Tuman hokimini tushunsa boʻladi. U ham oʻz hududining manfaatini koʻzlayotgani tabiiy hol. Ammo...

Yurtimizda soliq qonunchiligining oʻz tartib-qoidalari bor. Hech kim soliqdan qochib qutila olmaydi. Xoʻsh, viloyat davlat soliq boshqarmasi mutasaddisi hokimlikning mazkur vajiga nima deydi? Qurilish tashkiloti soliq toʻlovlarini qanday amalga oshirishi kerak?

– Soliq kodeksining 128-moddasiga muvofiq, yuridik shaxslar oʻzlari joylashgan yerdagi va ularning alohida boʻlinmalari joylashgan yerdagi soliq organlarida hisobga qoʻyiladi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasining bosh inspektori Azizjon Erkinov.– Shuningdek, qonunchilikda byudjetga hisoblangan soliq tӱlovlarini ӱzlari hisobga olingan hududdagi davlat soliq organiga tӱlashlari belgilangan. Shu bilan birga, Soliq kodeksining 131-moddasida soliq toʻlovchilarni soliq solish obyekti boʻyicha hisobga qoʻyish tartibi belgilangan. Yaʼni, soliq toʻlovchilar Soliq kodeksining 129-moddasida belgilangan tartibda (yuridik shaxs joylashgan yerdagi soliq organlariga) hisobga qoʻyilganidan keyin, agar ushbu Kodeksga muvofiq soliq toʻlovchida soliq toʻlovchi sifatida hisobga olinmagan joydagi yer maydoni yoki mol-mulklari bӱyicha yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va (yoki) noruda qazilma boyliklari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash majburiyati yuzaga kelgan boʻlsa, soliq toʻlovchini obyektlar joylashgan joyi boʻyicha hisobga qoʻyish amalga oshiriladi.

Bu masʼul idora vakilining fikri. Nima boʻlganda ham, Qoʻshtepa tumani hokimligining soliqlar toʻlash vajidagi oʻyinlari tadbirkorlar ishiga toʻgʻanoq boʻlib turibdi. Bu esa qurilish ishlarini oʻz vaqtida sifatli bajarmaslikka soya solmoqda. Ishlar orqaga surilmoqda. Hali qurilish tashkilotlarini yana nimalar kutmoqda ekan degan oʻy ham bor.

Albatta, tegishli tashkilotlar bu holatga oʻz munosabatini bildirar.

Biz mavzuga yana qaytamiz.