Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qondagi ommaviy to‘polonning sabablari aniqlandi....
10:12 / 2020-02-20

Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Qo‘qon shahridagi “Marokash” va “Shedevr” choyxonasidagi jinoiy holat bo‘yicha ba’zi ma’lumotlar berildi.


Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Qo‘qon shahridagi “Marokash” va “Shedevr” choyxonasidagi jinoiy holat bo‘yicha ba’zi ma’lumotlar berildi. 

Joriy yilning 5 fevralidan 6 fevralga o‘tar kechasi soat 00:10 larda Qo‘qon shahridagi "Shedevr” choyxonasida bir necha yoshlar o‘rtasida ommaviy to‘polon ro‘y berdi. Uch nafar yigit choyxonaga kelib, u yerda 27 yoshli A.U. va uning sheriklari bilan o‘zaro janjallasha boshladi. A.U.ning yonida bo‘lgan Z.M.da noqonuniy qurol bor edi. Qirqma miltig‘i bilan janjal ishtirokchilarga qarata ikki marotaba o‘q uzdi. Uch nafar yigit tan jarohati oldi. 

Yaralangan yigitlar 25 yosh va 31 yoshda edi. Ular sochma o‘qdan yetkazilgan tan jarohati bilan Qo‘qon shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

–Qo‘qonda sodir etilgan jinoiy holat arzimagan kelishmovchilikdan kelib chiqqan bo‘lib ikki tomon o‘rtasidagi katta janjalga aylangan, – deydi viloyat IIB boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaev. – Biz dastlab jabrlanuvchi bilan shifoxonada gaplashganimizda uydagi janjal sabab oynani sindirish oqibatida qo‘lini kesib olganligini bildirdi. Choyxonadagi kameralar esa barcha holatga oydinlik kiritdi. Yigitlar qo‘llariga rezina tayoq, pichoq va boshqa jismlar olib, janjallashib, bezorilik qilishgan. Viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismining tegishli bandlari (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd) va 277-moddasi (bezorilik) bilan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 30 nafar shaxsga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishiga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana 25 nafar shaxs aniqlanib, ularga nisbatan "ma’muriy qamoq" qo‘llanildi. Hozirda ularning ushbu hamda boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda viloyatning barcha joylarida shartli nomdagi “Tong” tadbirlari o‘tkazilib, fuqarolardan 500 dan tan jarohati yetkazishi mumkin bo‘lgan buyumlar olindi. Ularning aksariyati pichoqlardir. 

Matbuot anjumanida Dang‘ara tumanida ro‘y bergan mudhish yo‘l-transport hodisasi haqida so‘z yuritildi.

Joriy yil 18 fevral kuni soat taxminan 08:30 larda Dang‘ara tumani A-373-raqamli “Qo‘qon-Toshkent” avtomobil yo‘lining Chinobod qishlog‘i hududida 35-yoshli fuqaro A.U, boshqaruvida bo‘lgan «Nexia» rusumli avtomashinani Toshkent-Qo‘qon yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib ketayotgan vaqtida yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, Qo‘qon-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan 37-yoshli Y.A.ning boshqaruvida bo‘lgan «Tico» rusumli avtomashina hamda uning ortidan harakatlanib kelayotgan 49-yoshli Z.J.ning boshqaruvida bo‘lgan «Jentra» rusumli avtomashinalar bilan to‘qnashib ketgan.

Oqibatda «Jentra» rusumli avtomashina yo‘lovchisi X.M. va «Tico» rusumli avtomashina haydovchisi A.Y. hamda yo‘lovchi B.M.lar olgan tan jarohatlaridan voqea joyida vafot etgan. Bundan tashqari YTH oqibatida avtomashinada bo‘lgan yana 6 nafar shaxs shifoxonaga yotqazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Dang‘ara tumani IIB huzuridagi TB tomonidan A.U.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266 moddasi 3 qismi “a” bandi bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda, natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Shuningdek, fuqarolarni yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini yuksaltirish va yo‘l transport hodisasini oldini olish maqsadida Farg‘onada faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “MultaRadar”larning o‘tgan muddat davomida yo‘l harakati qoidalari buzilishi yuzasidan aniqlagan qoidabuzarliklar to‘g‘risida ham axborot berildi. Yo‘llarda harakatini tartibga solish bo‘yicha jurnalistlar, blogerlar, ijtimoiy tarmoq vakillari yangi taklif va mulohazalar bildirdi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlariga Qo‘qon shahri va Dang‘ara tumanidagi holat bo‘yicha videolavha namoyish etildi.