Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”.
Sabina Qosimova Moskva moliya universitetini tamomlagan. Hozirda u Garvard biznes maktabida “Biznes uchun sun’iy intellekt” dasturida ta’lim olmoqda. Sabina qizlarning ilmli bo‘lishini rag‘batlantirish uzoqni ko‘zlab bosilgan muhim qadam, deya hisoblaydi.
– Bundan bir necha yillar oldin front-end dasturchi lavozimiga rezyumelarning to‘rtdan bir qismini qizlar tashkil etishi xayolga ham kelmas edi, – deydi Sabina Qosimova. – Hatto ayrimlar IT sohasi qizlar uchun emas, deyishardi. Bugun esa bu hech kimni ajablantirmaydi. 2022 yilda Beeline jamoasiga ishga taklif qilindim, ko‘plab xalqaro tashkilotlarda faoliyat olib bordim. Faoliyatim davomida bir necha muvaffaqqiyatli veb-saytlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldim. O‘rgangan soham orqali turli soha va mintaqalardagi mutaxassislar bilan muloqot qilish, biznes aloqalarni kengaytirish va kelajakda qimmatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan foydali munosabatlarni o‘rnatish imkonini qo‘lga kiritdim.
Inson avvalo o‘ziga “Men nimani xohlayman?” degan savolni berishi kerak. Aniq maqsadlar bo‘lishi lozim. Maqsadlar rejaga aylanadi. IT yo‘nalishiga qiziqish menda ancha yillar oldin paydo bo‘lgan. Menga yoqqan tomoni shundaki, IT yo‘nalishi bilan boshqa kasblar o‘rtasida chegara bo‘lmaydi.
IT bugungi kunda shunchaki trend kasb emas, balki bu soha uzoq vaqt davomida bozordagi vaziyatni belgilaydi. Kelgusida IT-mutaxassislari ham xususiy kompaniyalarda, ham davlat idoralarida bemalol ish topishi mumkin bo‘ladi. Bu borada hozir kadrlar masalasida taqchillik mavjud. Zaxirada kadrlar yetishmaydi va bu keskin sezilmoqda. O‘zbekistonda ko‘plab IT loyihalar ishga tushirilmoqda va ular uchun xodimlar topish qiyin.
Bugun o‘z sohamning yetakchi mutaxassisiman. Ammo bu o‘z ustimda ishlashimga to‘sqinlik qilmaydi. Turli treninglar, ta’lim dasturlarida qatnashib, yirik loyihalarda bemalol ishlay olaman. Bu faoliyatimda ko‘tarilish va shaxsiy rivojlanish uchun zo‘r sharoit yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA