Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qizlar uchun imkoniyat
13:45 / 2021-06-06

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 iyunda “Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020 yil 23 iyundagi 402-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilingan edi.

O‘zA muxbiri Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rupova bilan ushbu hujjatning ahamiyati xususida suhbatlashdi.

– Ma’lumki, o‘tgan yili mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun qo‘shimcha grantlar ajratildi. Natijada ko‘plab ehtiyojmand oilalardagi opa-singillarimiz davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalarida o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldi.

– Darhaqiqat, o‘tgan yili bu imtiyoz birinchi marta amaliyotga tatbiq etildi. O‘tgan yili oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun qo‘shimcha grantlar soni 940 tani tashkil qilgan edi. 2020 yilda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida tuzilgan ishchi guruhlarga 32 ming 98 nafar xotin-qiz murojaat qildi. Ulardan 18 ming 628 nafariga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berilgan edi. Ulardan eng yuqori ball to‘plagan 950 nafari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi.

– Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni 2 barobarga ko‘paytirilib, 2 mingtaga yetkazilishini ta’kidlagan edilar. Bu ko‘plab ehtiyojmand oilalar qizlarining orzusi edi, bu boradagi fikringizni bilmoqchi edik. Mahalla tizimi rahbarlarini bu jarayondagi mas’uliyati masalasiga to‘xtalib o‘tsangiz?

– Albatta, ushbu tashabbus ehtiyojmand oilalar qizlari uchun juda katta imkoniyat. Bu imtiyoz minglab oilalarga ma’rifatni kiritadi. Bu 2000 nafar ehtiyojmand opa-singillarimiz uchun katta rag‘bat va zimmamizga juda katta mas’uliyat yuklaydi.

Mahalla tizimi rahbar va xodimlarining ushbu jarayondagi mas’uliyati shundan iboratki, bu birinchidan, qaror mazmun-mohiyatini ota-onalar, xotin-qizlarga yetkazishdan iborat. Shu bilan birga, tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etish.

– Demak, qarorga muvofiq, bugungi kunda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida ishchi guruhlari tuzilgan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan ishchi guruhlarga qanday tartibda amaliy yordam berilyapti?

– Qarorga muvofiq, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirildi. Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida (tuman (shahar) hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i, uning birinchi o‘rinbosari, tuman (shahar) iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi, moliya bo‘limi, tibbiyot birlashmasi, xalq ta’limi bo‘limi, maktabgacha ta’lim bo‘limi boshliqlari, Yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) bo‘limi rahbaridan iborat tarkibda) ishchi guruhlari tuzilishi ham Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlardan biri.

Ushbu jarayonda barcha mas’uliyat tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida tuzilgan ishchi guruhlariga yuklatilyapti. Shuning uchun vazirlik tomonidan hududiy bo‘linmalar, jumladan, tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlaridagi mazkur jarayonga jalb etiladigan mas’ullar uchun respublika seminari o‘tkazildi.

Seminarda qarorga kiritilgan o‘zgartirishlar, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqishning takomillashgan tartibi va ishchi guruhlari faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etish bilan bog‘liq barcha masalalar muhokama etildi. ng ushbu jarayondagi mas’uliyati alohida ta’kidlab o‘tildi. Seminarda tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish, ariza berish jarayonidan boshlab elektron tartib ham tushuntirildi.

Keyingi bosqichda seminarlar tuman (shahar) – mahalla darajasida davom ettirildi. Chunki mahalla raislari va ularning (oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha) o‘rinbosarlari oliy ta’lim olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi har bir opa-singillarimizga qaror mazmun-mohiyatini yetkazish, ayniqsa ariza berish tartibini tushuntirishga mas’uldirlar. Shu sababli mahallalarda xotin-qizlar o‘rtasida ochiq muloqotlar o‘tkazilyapti.

– Qarorda tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga elektron shaklda murojaat qilish imkoniyati berilgan. Bu ham nafaqat yangilik, balki talabgorlar uchun qulaylikdir. Lekin internet tezligi past bo‘lgan yoki internet tarmog‘i yetib bormagan olis hududlardagi opa-singillarga yana qanday shaklda ko‘maklashiladi?

– Arizalar aziz-ayol.uz sayti orqali elektron shaklda qabul qilinyapti. Arizalar joriy yilning 8 iyun kuniga qadar qabul qilinadi. Talabgorlar ishchi guruhga endi hujjat ham topshirmaydi. Ishchi guruhlar tomonidan endi talabgorlardan hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Talabgor tomonidan elektron ariza berilgandan keyin Nizomda ko‘rsatilgan mezonlardan birini tasdiqlovchi ma’lumotlar va elektron shakldagi hujjatlar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi hamda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi.

Zarur hollarda ishchi guruhlar tomonidan oilaning ehtiyojmandligi darajasi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ma’lumotlar orqali aniqlanadi.

Internet tezligi past bo‘lgan yoki internet tarmog‘i yetib bormagan, chekka yoki olis hududlardagi opa-singillarimizga tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas’ul xodimlari, ishchi guruhi a’zolari, tuman (shahar) davlat xizmatlari markazi xodimlari, mahalla raisi va xodimlari tomonidan yordam beriladi. Istalgan manzildan aziz-ayol.uz sayti orqali ariza topshirish mumkin.

– Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu  “qarorni ham ancha vaqtliroq, masalan, yil boshida qabul qilib, xotin-qizlar orasida yaxshilab targ‘ib qilsa bo‘lmasmidi? Nega oldinroq harakat qilinmadi?” mazmunidagi e’tirozlarni ham kuzatyapmiz? Bu boradagi fikringizni ham bayon qilsangiz.

– O‘rinli savol. Hujjat qabul qilish muddati 30 maydan 8 iyungacha – 10 kun, 8 iyun kuni ham arizalar qabul qilinadi. Ushbu masalada ishchi guruhi fevral oyida ish boshlagan edi. Tuman (shahar) bo‘limlariga bu masalada ko‘plab opa-singillarimiz murojaat qilgan. Yangi tartib chiqishi kutilayotgan edi. Shuning uchun arizalar aziz-ayol.uz sayti orqali qaror chiqqan kundan boshlab qabul qilinyapti. Bu yil muddat qisqaligi to‘g‘ri, lekin qulay zamonaviy mexanizm, qulay tartib yaratilganini hech kim inkor eta olmaydi.

Joriy yil boshida ushbu qarorni takomillashtirishga jiddiy sabab, zarurat yo‘q edi. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 martdagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablariga mos holda o‘z vaqtida ishlab chiqildi.

Me’yoriy-huquqiy hujjatni ishlab chiqish, tegishli vazirliklar bilan kelishish, takliflar asosida qayta ishlash, huquqiy ekspertiza xulosasini olish ham o‘ziga xos jarayon bo‘lib, belgilangan tartib va muddatda amalga oshirilishini hammamiz yaxshi bilamiz.

Endilikda ishchi guruh yig‘ilishining bayonnomasi ishchi guruhi rahbari va a’zolarining elektron raqamli imzolari bilan imzolanishi va shu asosda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarining buyrug‘i ham ron hujjat shaklida rasmiylashtirilishi juda qulay va ko‘p vaqt talab qilmaydi.

– Talabgorlarning mobil telefon raqamiga yoki elektron manziliga tavsiyanoma berishga tavsiya etilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida xabar yuborilishi ham qarorga kiritilgan o‘zgartirishlardan biri. Demak, tavsiyanoma berishni rad etish uchun ishchi guruhida yetarli asoslar bo‘ladi, shundaymi?

– Albatta, ishchi guruhi barcha talabgorlar hujjatlarining Nizomda nazarda tutilgan mezonlarga muvofiqligini ko‘rib chiqadi. Hujjatlar mezonlarga mos bo‘lmasligi talabgorlarga tavsiyanoma berishni rad etish uchun asos bo‘ladi.

Shu o‘rinda tavsiyanomaga ega bo‘lgan talabgorlar zimmasidagi mas’uliyatni ham eslatib o‘tishni joiz, deb bilaman. Chunki tavsiyanoma to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat granti asosida o‘qishga kirish imkoniyatini bermaydi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlarni qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida o‘qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga muvofiq qabul qilinadi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun kirish imtihonlari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi. Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan talabgorlar zimmasida ham katta mas’uliyat bor. Talabgorlar kirish imtihonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishi zarur. Maqsadimiz – eng munosib nomzodlar, ya’ni aynan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarni saralab olish va tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etish. Tavsiyanomalarni talabgor xotin-qizlarga joriy yilning 14 iyuniga qadar yetkazilishini ta’minlaymiz.

Ushbu mas’uliyatli jarayonda hamkorlikda biz bilan hamfikr bo‘layotgan, xotin-qizlarga qaror mohiyatini tushuntirishda amaliy va manzilli yordam berayotgan barchaga minnatdorchilik bildiramiz.

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.