Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qizlar tarbiyasi – millat kelajagi!
09:54 / 2026-02-11

Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, yosh avlodni, ayniqsa, qizlarni ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy faol va bilimli shaxs sifatida tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shu ma’noda, jamiyatda fuqarolik faolligi, o‘zaro mehr-oqibat va ijtimoiy mas’uliyatni yuksaltirishda volontyorlik harakatining o‘rni beqiyos.

Ana shu ezgu maqsadlardan kelib chiqqan holda, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Qizlar tarbiyasi – millat kelajagi!” mavzusida volontyor qizlar forumi o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi qizlar tarbiyasida volontyorlik harakatining o‘rni va imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlarni jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishga faol jalb qilish, shuningdek, oila va xotin-qizlar masalalarida tizimli targ‘ibotni kuchaytirishdan iborat.

Forum ochilishida volontyorlik faoliyatining jamiyat, xususan, yosh qizlar hayotidagi o‘rni, uning yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi. Shuningdek, volontyorlik faoliyatini rivojlantirish borasida yaratilgan huquqiy asoslar, xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritildi.  

E’tirof etilganidek, volontyorlik faoliyati o‘zida yoshlik shijoatini, kuch-g‘ayratiyu salohiyati va iqtidorini el-yurt manfaatiga safarbar qilishni ham ifoda etadi. Ya’ni, volontyorlik aholiga ko‘mak berish, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam berishga hamisha tayyor, qiyin paytlarda ham ular xalq xizmatiga shay qatlamdir.

Forumda jami 1000 nafarga yaqin ishtirokchi qamrab olindi. Jumladan, 200 nafar ishtirokchi tadbirda bevosita, 800 nafari hududiy studiyalar orqali onlayn ishtirok etdi.

Forum doirasida ishtirokchilar 5 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha seksiyalarga ajratildi. Har bir seksiya faoliyati volontyor qizlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirishga qaratildi.

Jumladan, “Salomatlik” volontyorlari seksiyasida aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

“Ta’lim va qadriyatlar” volontyorlari seksiyasi yosh avlod tarbiyasi, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni asrash va ularni zamonaviy ta’lim bilan uyg‘unlashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Seksiya doirasida volontyor qizlarga ta’lim sohasidagi davlat siyosati, mavjud imkoniyat va imtiyozlar haqida aholini xabardor qilish mexanizmlari tushuntirildi.

“Eko” volontyorlar seksiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda jamiyatda mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga qaratildi. Seksiya ishtirokchilariga ekologik aksiyalar o‘tkazish, chiqindilarni saralash, yashil hududlarni asrash bo‘yicha amaliy tajribalar taqdim etildi.

“Huquq” volontyorlari seksiyasida xotin-qizlarning huquqiy ongini oshirish, huquqiy savodxonlikni mustahkamlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.  

“AT” soha volontyorlari seksiyasida raqamli savodxonlikni oshirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish masalalariga bag‘ishlandi. Mahorat saboqlari davomida raqamli platformalar orqali jamoatchilik bilan ishlash, axborot tarqatish, ijtimoiy tarmoqlarda foydali kontent yaratish hamda kiberxavfsizlik asoslari bo‘yicha amaliy bilimlar berildi. 

                                                                                                                                       N.Usmonova, O‘zA muxbiri