Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qizlar salomatligi — eng ustuvor masala
19:15 / 2026-02-28

Erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh mutaxassislar fikriga ko‘ra, nafaqat ijtimoiy muammo, balki ona va tug‘ilajak bola salomatligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi omil hisoblanadi.

Shu bois mazkur masalaga qaratilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Zero, ushbu yo‘nalishga davlat darajasida ham ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilayapti.

Guliston tuman hokimligi, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi, tuman tibbiyot birlashmasi hamda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tashabbusi bilan “Zarbdor” mahallasidagi 9-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan uchrashuv aynan shu dolzarb mavzuga bag‘ishlandi. Unda mahalla faollari, ta’lim muassasasi pedagoglari hamda sog‘liqni saqlash tizimi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir 9–10–11-sinflarda tahsil olayotgan qiz o‘quvchilar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazildi. Suhbat davomida erta turmushning huquqiy, ijtimoiy va tibbiy jihatlari atroflicha tushuntirildi. Ta’kidlanganidek, barvaqt nikoh qizlarning jismoniy va ruhiy jihatdan to‘liq shakllanib ulgurmagan davriga to‘g‘ri kelishi sababli homiladorlik va tug‘ruq jarayonida turli asoratlar kelib chiqishi mumkin. Bu holat nafaqat yosh ona, balki tug‘ilajak bola salomatligi uchun ham xavf tug‘diradi.

– Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yosh qizlarga erta turmushning salbiy oqibatlarini ilmiy va tibbiy asosda tushuntirish, ularda onalik mas’uliyatini shakllantirish, o‘z salomatligiga ongli munosabatni qaror toptirish hamda mustaqil hayotga puxta tayyorgarlik ko‘rish ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi onalik va bolalik bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Saodat Qarshibayeva. – Bunday profilaktik yondashuv jamiyatda ona va bola salomatligini muhofaza qilishga, shuningdek, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan irsiy muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, mutaxassislar yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarda irsiy kasalliklar va tug‘ma nuqsonlar kelib chiqish ehtimoli yuqori ekanini alohida qayd etdilar. Bu esa kelajak avlod salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Oilaviy hayotga ma’naviy va psixologik tayyorgarlik, shaxsiy mas’uliyat va sog‘lom turmush tarziga amal qilish kabi masalalarga ham alohida urg‘u berildi.

Uchrashuv davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil va aniq javob oldilar. Hayotiy misollar, tibbiy dalillar hamda amaliy tavsiyalar orqali mavzuning mazmun-mohiyati yanada ravshanlashtirildi.

Tadbir yakunida bunday profilaktik uchrashuvlar yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va tibbiy madaniyatni yuksaltirishda, eng muhimi, sog‘lom va barqaror oila qurishga tayyor avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ma’lum qilinishicha, shu kabi targ‘ibot tadbirlari tumandagi barcha ta’lim muassasalarida reja-grafik asosida muntazam davom ettiriladi.

G‘ulom Primov, O‘zA