French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim
19:05 / 2022-09-28

«Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar». Ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning bu purma’no gapi har bir davrda o‘z isbotini topgan. Shu bois ham yurtimizda xotin-qizlarning ilm-ma’rifatli bo‘lishi va barcha sohalarda o‘zini ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

«Adolat» SDP Siyosiy Kengashi Markaziy apparati va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamkorligida o‘tkazilgan «Ilmli, ma’rifatli xotin-qizlar — mamlakat kelajagining mustahkam poydevori» mavzusidagi davra suhbatida shular xususida so‘z bordi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov ayol bilimli bo‘lsa, butun jamiyat ilm-ma’rifatli va farovon bo‘lishini ta’kidladi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh A’zamova «Yurtimizda xotin-qizlarning ilm olishi uchun qonunchilikda yaratilgan imkoniyatlar» mavzusida ma’ruza qildi:

— Bilimli, dunyoqarashi keng ayol o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladi va shuning uchun ham turli tazyiqlarga, zo‘ravonlikka uchramaydi, — dedi G.A’zamova. — Shunday ekan, xotin-qizlarimizning ilm-ma’rifatli, ma’naviyatli bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bu borada mamlakatimizda xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning dasturiy ishlanmalari, innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishga oid salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarimiz oila va farzand tarbiyasidan tashqari turli sohalarda, mahallalarda, jamiyat hayotida faollik, fidoyilik ko‘rsatmoqda. Xotin-qizlarning huquqiy mavqeini yuksaltirish, oila institutini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab qonunlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi.

Xususan, 2019 yil 2 sentyabrdagi «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar xotin-qizlarni himoya qilish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim hujjatlar hisoblanadi.

Bundan tashqari, joriy yilning 1 mart sanasida davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilishi belgilandi.

[gallery-8955]

Dastur doirasida poytaxtimizda xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etilishi hamda paxta-to‘qimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida joylarda universitetning texnikumlari ham ochilishi belgilandi. Yangi o‘quv yilidan boshlab ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilindi.

Magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning ta’lim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lanishi belgilandi. Jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish uchun doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratilishi ta’kidlandi.

Ammo bugun ko‘pchilik xotin-qizlarimiz o‘zlariga taqdim etilayotgan bu kabi imtiyoz va qulayliklardan to‘la boxabar, deya olmaymiz. Shuning uchun jamoatchilik vakillari birgalikda xotin-qizlarimizni bu boradagi yangilik va imtiyozlardan xabardor qilishimiz, tushuntirish ishlarini olib borishimiz lozim, — dedi deputat.

Davra suhbatida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Xotin qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Shirin Normatova ham ma’ruza qilib, bugungi kunda xotin-qizlar bilan ishlash borasidagi sa’y-harakatlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Har bir sohada gender tenglikka alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.

Shuningdek, tadbirda Toshkent shahar Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori, falsafa fanlari doktori, dotsent Mohira Xoliqova, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xodimi Akmalxon Ahmedov xotin-qizlarning ilm olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, ilm-fan vakilalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan tanlovlar, Islom dinida ham ayollarning ilmli bo‘lishining ahamiyati hamda oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash xususida so‘z yuritdilar.

Tadbirda malakali mutaxassis bo‘lish istagidagi iqtidorli xotin-qizlarga yanada e’tibor qaratilishi va ularning innovatsion g‘oya va takliflarini amaliyotga tatbiq etish borasida bir qator takliflar bildirildi. Kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan kelishib olindi.

Muhtarama Komilova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA