Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qiziriqliklar uchun qo‘shaloq bayram
19:12 / 2022-03-23

Bu yilgi Navro‘z qiziriqliklar uchun har doimgidan tarovatli va fayzli keldi. Gap shundaki, Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida «Vatanparvar» tashkiloti O‘quv sport texnika klubining yangi zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.

Binoning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov va rais o‘rinbosarlari, tashkilot hududiy kengashlarining raislari, tuman hokimligi, hamkor tashkilotlar vakillari, harbiy xizmatchilar, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etdilar.

Davlat madhiyasi yangraganidan so‘ng Husan Botirov so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilari va tashkilot xodimlarini Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etar ekan, ushbu innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan yangi bino Qiziriq tumani aholisi uchun «Vatanparvar» tashkilotining sovg‘asi ekanligini bildirdi. U tashkilot yangi binosining ishga tushirilishi tuman aholisi, ayniqsa, yoshlar ommaviy texnik kasblarni egallashlari hamda sportning texnik va amaliy turlari bilan shug‘ullanib, muvaffaqiyat qozonishlari uchun ayni muddao ekanligini ta’kidladi.

H.Botirov tomonidan, shuningdek, Qiziriq O‘quv sport texnika klubiga «Jentra» rusumidagi yangi avtomobil foydalanish uchun topshirildi. «Vatanparvar» tashkiloti rahbari tomonidan tuman mahallalarida istiqomat qilayotgan «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turuvchi ehtiyojmand oilalarning farzandlariga haydovchilik kurslarida bepul o‘qish huquqini beruvchi sertifikat topshirilishi tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Tadbir haqiqiy bayramga ulanib ketdi. Faxriy qorovullarning ko‘rgazmali chiqishlari hamda harbiy ansambl va vohaning taniqli baxshilari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barcha yig‘ilganlarning ko‘nglini xushnud qildi.

So‘ngra mehmonlar yangi bino ichkarisiga taklif qilindi. Bino bir qavat va yerto‘ladan iborat bo‘lib, uning yerto‘la qismida bir vaqtning o‘zida 50 nafar sportchi shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lgan sport seksiyalari joylashgan. Binoning asosiy qismida esa haydovchilik kasbini o‘rganishga mo‘ljallangan, innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy sinfxonalar mavjud.

Yaratilgan shart-sharoitlar barcha tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Nuroniy otaxonlar ushbu binoning barpo etilishi tashabbuskori bo‘lgan «Vatanparvar» tashkiloti rahbariyati va uning qurilishida boshu qosh bo‘lgan insonlarning haqqiga duo qildi.

Tadbirdan so‘ng «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi rahbari Husan Botirov raisligida tashkilot hududiy kengashlarining raislari uchun o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda tashkilot tomonidan olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuqlar, muammolar va ularning yechimlari, istiqboldagi rejalar xususida fikrlar almashildi. Yakunda H.Botirov tomonidan tashkilotning Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari kengashlari raislariga «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil» esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi 

«Vatanparvar» tashkiloti Matbuot xizmati