28 avgust kuni mamlakatimiz sporti quvonchli voqealarga boy bo‘ldi. Yaponiyada o‘tayotgan “Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlarida bir necha sportchimiz medallarni qo‘lga kiritdi. Ular orasida Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Parvina Samandarova ham bor. Parvina para-dzyudo bo‘yicha kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shu kuni Samarqand davlat universiteti rektori R.Xolmurodov Parvinaning oila a’zolarini tabrikladi.
Parvina 2017 yildan para-dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. Jahon kubogi (O‘zbekiston), Osiyo va Okeaniya chempionati (Qozog‘iston), Toshkent IBSA dzyudo Gran-pri musobaqalari g‘olibi. III Paraosiyo o‘yinlarida (Indoneziya), jahon chempionati (Portugaliya), IBSA dzyudo Gran-pri turnirlarida (Ozarbayjon) bronza medali, IBSA dzyudo Gran-pri musobaqasida (Ozarbayjon) 2-o‘rin sohibi.

- Qizim 8 yoshidan sport bilan shug‘ullanadi, - deydi Parvinaning otasi Asadxon Samandarov. – Boshida ko‘nikishi qiyin bo‘ldi, ba’zan uyga yig‘lab kelardi. Buni ko‘rib sportdan olsammi, deb o‘ylardim. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, o‘zi qiziqib ketdi. Bundan hayratlanmadim, chunki qonida borda. O‘zim ellik yildan beri sport bilan birgaman, sambo, kurash va dyuzdo bo‘yicha xalqaro sport ustasiman. Qizim nafaqat kurash, balki gimnastika, suzish sport turlari bilan ham shug‘ullangan. Bugun oilamiz uchun juda quvonchli kun. Qizim Paralimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘ldi. Musobaqani oila davrasida televizorda ko‘rdik. Hayajonimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Qizim yurtimiz, Prezidentimiz ishonchini oqladi. Buning uchun murabbiylarga, sportchilarga barcha shart-sharoit yaratib bergan Prezidentimizga rahmat. Qizimning medali Mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Behruz ShAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Shavkat Akramov (surat)