Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qizimga”: qiz farzand iftixor ekanini targ‘ib qilgan loyiha xalqaro mukofot oldi
10:51 / 2025-10-01

2025-yil 27–28 sentyabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik kreativ kommunikatsiyalar festivali — Red Jolbors bo‘lib o‘tdi. Festival dasturi ikki yo‘nalishda — Central Asia Awards va International Awards bo‘yicha tashkil etilib, 550 dan ortiq loyiha orasidan atigi 15 foizi finalga chiqdi.

Ikki kun davomida hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilgan ishlardan 6 tasi eng yaxshi deb topildi.  

Shulardan biri Ijtimoiy himoya milliy agentligi taqdim etgan “Qizimga” (My daughter name is Boy) loyihasi bo‘lib, u International Awards yo‘nalishida kumush sovrin bilan taqdirlandi.

Loyihaning asosiy maqsadi — Markaziy Osiyoda uchraydigan “qiz farzand — xato” degan stereotipni yo‘qqa chiqarish va jamoatchilik ongida ijtimoiy normalarni o‘zgartirishdir.

Loyiha davomida taniqli shaxslar hamda oddiy ota-onalar qizlariga samimiy xatlar yozib, mehr-muhabbat va ezgu tilaklarini ifoda etishdi. Bu tashabbus jamiyatda katta ijobiy rezonans uyg‘otib, ikki hafta ichida 5 milliondan ortiq odamni qamrab oldi.

Hakamlar hay’ati mazkur muammo nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Lotin Amerikasi kabi mintaqalarda ham mavjudligini ta’kidlab, loyiha boshqa xalqaro tanlovlarda ham ishtirok etishi mumkinligini bildirdi.

Agentlikning bu yuksak natijasi — davlat tashkilotlari orasida kreativ kommunikatsiya orqali dolzarb ijtimoiy muammolarga yechim topish va xalqaro miqyosda e’tirof etilishining yorqin namunasi bo‘ldi.

Hamroz Bayanov,O‘zA