Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qiziltomga shifokorlar qadami ham yetib keldi
13:56 / 2025-06-10

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining eng olis manzillaridan sanalgan Qiziltom qishlog‘iga o‘tgan yili ham sayohat qilganmiz. U yerdagi shifobaxsh buloq suvlari, tabiat ajoyibotlari, ayniqsa, qishloqqa olib boruvchi yo‘l, tibbiy xizmat, ta’lim bilan bog‘liq og‘riqli muammolar haqida hikoya qilganmiz.

Tanqidlardan so‘ng qishloqqa olib boruvchi yo‘l anchagina epaqaga keltirildi. Shu kungacha kompyuter haqida televizor yoki internet tarmoqlari orqali ma’lumotga ega bo‘lib kelayotgan filial maktab o‘quvchilari jonli tasavvurga ega bo‘lishi uchun eskiroq bo‘lsada, maktabga bir nechta kompyuter jamlanmalari berildi.  

Faqatgina tibbiy xizmat bilan bog‘liq muammolar ochiqligicha qoldi. Bu galgi qishloqqa qilgan sayohatimiz davomida tuman mas’ullari bilan bog‘landik va tibbiy xizmat muammosini qaytadan ko‘tardik.  

Aytgancha, Qiziltom qishlog‘i tuman markazidan qariyb 90 kilometr uzoqlikda tog‘ bag‘rida joylashgan. Qishloqqa Maydanak observatoriyasi orqali o‘tadigan, tik nishabliklardan iborat mashaqqatli yo‘l bilan boriladi. Yog‘ingarchilik paytlarida unda harakatlanishning deyarli imkoni yo‘q. Manzil baland nuqtada joylashgani bois qish fasli uzoq davom etadi va qalin qor bilan qoplanadi.  

[gallery-23827]

“Qiziltomga shifokorlar qadami yetib keldi”, deyishimizga sabab shu kungacha 600 nafardan ziyod aholi, 90 dan ortiq xo‘jalik yashovchi ulkan tog‘lar orasida qolib ketgan ushbu kaftdekkina qishloqda biror marta ham tibbiy ko‘rik o‘tkazilmagan. Hatto biron o‘rta tibbiyot xodimi ham yo‘q. Qishloq odamlarining asosiy najotkori hududda tabiiy sharoitda unib- o‘sadigan shifobaxsh giyohlar hisoblanadi. Agar kimdir og‘ir kasalga yo‘liqsa, 26 kilometr masofada joylashgan eng yaqin tibbiyot maskani Ko‘kabuloq oilaviy shifokorlik punktiga borishga majbur. 

Shu bois bizning taklifimiz bilan tuman mas’ullari nihoyat qishloqda tibbiy ko‘rik tashkil etishga qaror qildi.    

Tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan sayyor tibbiy ko‘rik tashkillashtirilayotgani haqida eshitib, odamlar xursandchiligiga sherik bo‘lgimiz keldi. Garchi masofa olis va oldimizda bizni mashaqqatli tog‘ yo‘li kutib turgan bo‘lsa-da, manzilga yetib bordik.

– Olis hududlarga ham tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsadida Qiziltom qishlog‘iga yetib keldik, – deydi Qamashi tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi bosh shifokori Eshmamat Eshonqulov. – Bu yerda aholini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazyapmiz, skrining tekshiruvlarni amalga oshiryapmiz. Tibbiy ko‘rik davomida 8 nafar mutaxassisimiz tomonidan endokrin, yurak- qon tomir kasalliklari, ayollarda bo‘ladigan ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash va ularga davolanish usullari tavsiya etilmoqda. Demak ambulator sharoitda davolanish mumkin bo‘lganlarga dori- darmonlar tarqatilyapti. Statsionar davolanishga muhtoj bo‘lgan bemorlarga markazda davolanishi uchun yo‘llanmalar beryapmiz.  

Qishloqdagi maktab binosida o‘tkazilayotgan ko‘rik xabari bir zumda qishloqqa yoyilibdi. Kimdir ishonib, kimdir ishonmasdan kelayotganini nigohlardan ham bilish mumkin edi.  

– Qishlog‘imizga doktorlar kelganini eshitib, juda xursand bo‘ldik, – deydi Gultaram aya Yusupova. – Men ham ko‘rikka keldim. Oyog‘im og‘rib yurardi. Markazga tushishga imkon topa olmayotgandim. Doktorlarning o‘zi qishlog‘imizga kelgani ayni muddao bo‘ldi. Tekshiruvdan o‘tdim. Kerakli dorilarni bepul berishdi.  

Garchi ko‘rik tor mutaxassisliklar bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lsa-da, odamlar bundan xursand. Ayniqsa, yosh bolali ayollar, keksalar tibbiyot xodimlarining qishlog‘iga qadar kirib kelganidan boshi osmonda.  

– Bo‘layotgan ishlardan aholimizning kayfiyati juda ko‘tarinki, – deydi Tursoat Bolliyev. – Olis qishlog‘imizda tibbiy ko‘rik o‘tkazilyapti, bepul dori-darmon tarqatilyapti, albatta, bundan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Qolaversa, tuman madaniyat xodimlari ishtirokida konsert tashkillashtirilmoqda. Bularning hammasi yurtimizdagi tinchlikning, farovonlikning belgisi. Aholini o‘ylab, amalga oshirilayotgan ezgu islohotlar bardavom bo‘lsin.

Tibbiy ko‘rik madaniy tadbirlarga ulandi. Qishloqda go‘yo bayram boshlangandek. Uzoq yillik tarixga ega, o‘ziga xos mashaqqatlarga mehnati bilan javob qaytarib kelayotgan samimiy insonlar hayotiga kirib kelayotgan kichik bir yangilikdan ham ularning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Qishloqda tibbiy ko‘rik bahonasida yaqin kunlarda tibbiyot punkti ham tashkil etilishi haqidagi yangilik quloqqa chalindi. O‘ylaymizki, bu gal ushbu yangilik haqiqatga aylanadi va qiziltomliklarning uzoq yillik mashaqqatlari barham topadi. Binobarin, ular ham bugun sifatli tibbiy xizmat olishga, islohotlar samarasini o‘z hayotlarida ko‘rishga haqli.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari