Qiziltepa tumani g‘allakorlari Navoiy viloyatida birinchi bo‘lib shartnoma bo‘yicha g‘alla topshirish rejasini bajarishdi.
Tumanda 263 nafar fermer joriy yil hosili uchun 9 ming 200 gektar yer maydoniga boshoqli don ekishib, parvarishladi. Garchi ob-havo sharoiti noqulay kechgan bo‘lsada, tumanda g‘alla tez fursatlarda o‘rib, yig‘ishtirib olindi. Natijada ular ulkan xirmon yaratishib, o‘z oldilariga qo‘ygan rejani bajardilar.

Ayni paytga qadar davlatga 24 ming 785 tonnadan ziyod don sotilib, 1630 tonna urug‘lik jamg‘arildi.
Tumanda g‘alla o‘rim-yig‘imi ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida 35 ta otryad tuzilib, ularning har biriga kerakli texnikalar biriktirildi.
Albatta, davlatimiz rahbari boshchiligida qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar, g‘alla yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalardan unumli foydalanish, sohada moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, shu bilan birga yerga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarganligi dalalarda mo‘l hosil yetishtirishga zamin hozirladi.

Jumladan, “Yo‘ldosh ota – 2000”, “Qurbon Latif”, “O‘rtacho‘l oq oltin xirmoni”, “Safarobod bog‘i”, “Vang‘ozi Agroeksport”, “Kenagas sardori”, “Rahmon Xoliq niyati”, “Shaxboz Sherbek kelajagi”, “Axmed G‘olib Hamid”, “Qahramon zamin saxovati”, “Ismoil Isombek chorvasi” va “Qo‘lba paxtakori” kabi fermer xo‘jaliklari gektaridan o‘rtacha 80 sentnerdan hosil oldilar.
Ilg‘or fermerlardan biri Tursunpo‘lat Rajabov tumanning “O‘rtacho‘l” massivida 20 yildan buyon yer bilan tillashib keladi. Asli kasbi mexanizator bo‘lgan Tursunpo‘lat aka 2005 yilda“Safarobod bog‘i” fermer xo‘jaligini tashkil etgan edi.

– Dastlab 10 gektar maydonda g‘alla yetishtirgan bo‘lsak, keyinchalik cho‘l yaylovlaridan yangi yerlar o‘zlashtirib, g‘alla maydonini 75 gektarga yetkazdik, – deydi T.Rajabov. – Birinchi yillar gektaridan 30 sentnerdan hosil olganmiz. Joriy yilda 240 tonna o‘rniga 450 tonna g‘alla topshirdik. Hozir esa hosildorligimiz 80 sentnerdan oshmoqda. 80 gektar paxta maydonimiz bor. Joriy yilda yana 400 gektar yangi yer o‘zlashtirilib, paxta maydoniga aylantirildi. Albatta, bularning barchasi mamlakatimizda fermerlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasi tufaylidir. Xo‘jaligimizda jami 50 taga yaqin texnika mavjud. Shuningdek, ishchilarga xizmat ko‘rsatish uchun “Isuzu” rusumli avtobusimiz bor. Cho‘lni o‘zlashtirish jarayonida yangi ekskavator ham oldik. O‘tgan yili lizing asosida 6,5 milliard so‘mlik paxta teradigan maxsus mashina, joriy yil iyun oyida bankdan 1 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit olib, 3 ta chopiq traktori xarid qildik.
Ayni kunlarda tumanda o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri