Yurtimizda iqtidorli o‘quvchilarni kashf etish va ularning iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish, ta’lim jarayonida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali ularga eng so‘nggi ta’lim standartlari bo‘yicha bilim berish borasida keng ko‘lamda ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, barcha hududlarda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitishni ta’minlashga qaratilgan Prezident maktablari hamda iqtisoslashtirilgan maktablarning tashkil etilganligi amalga oshirilayotgan ishlarning debochasi, desak mubolag‘a emas.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida 1 ta Prezident va 7 ta ixtisoslashgan maktab faoliyat olib bormoqda.
Qiziltepa tuman ixtisoslashtirilgan maktabi 2022-2023 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlagan edi. 336 o‘ringa mo‘ljallangan aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan maktab binosi 2023 yilda qurilib foydalanishga topshirilgan. Hozirgi kunda 45 nafar pedagog 308 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ularning 20 nafari oliy, 15 nafari 1-, 9 nafari esa 2-toifali o‘qituvchilardir.
– Ta’lim muassasamiz binosi 3 qavatdan iborat bo‘lib, o‘quvchilarning bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi maktab direktori Mehriniso Xolova. – Maktabda fizika, kimyo, biologiya xonalari laboratoriya, robototenika va informatika xonalari 2,6 milliard so‘mlik jihozlar bilan ta’minlangan. Jamoada o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashga undovchi “Ustozlar piramidasi”, o‘quvchilar o‘rtasida “Yakka tartibda ishlash – sinov daftari”, “Sinov - natija – tahlil” loyihalari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, 24 ta fan to‘garagida o‘quvchilar o‘z bilimlarini mustahkamlashadi. O‘qituvchilarimizning yuqori darajada o‘quvchilarga bilim berishi, o‘quvchilarimizning esa bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqlarining yuqoriligi bois 2022-2023 o‘quv yilidagi maktab bitiruvchilarimizning barchasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi 184 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar o‘rtasida monitoring ishchi guruhi tomonidan barcha o‘quvchilardan olinadigan choraklik summativ baholash sinov natijalariga ko‘ra, Qiziltepa tuman ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari uchinchi o‘rinni egalladi.
Joriy o‘quv yilida ham maktabning bir qator o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirish imtiyozini beruvchi turli fanlardan milliy va xorijiy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, 10-sinf o‘quvchilari Baxtiyor Kamolov va Akobir Baxronov ingliz tili fanidan xalqaro IELTS sertifikatini, G‘aybullo Ubaydullayev va Suhrob Jalolov hamda 10-sinf o‘quvchilari Gulsevar Muhammadova, Dilnura Aslonova, Javlon Haydarovlar ingliz tilidan Multilevel B2 milliy sertifikatini qo‘lga kiritgan.
10-sinf o‘quvchisi Komila Tojiyeva, Dilfuza Esonovalar esa ona tili fanidan milliy sertifikat egasiga aylandi. Shuningdek, bir guruh o‘quvchilar STEM fanlari olimpiadasida faxrli o‘rinlarni egallagan.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, maktabning 11-sinf o‘quvchilari Jasmina Abdurahimova va Shahrizoda Rahmatovalar ingliz tilidan Multilevel B2 va ona tilidan milliy sertifikatni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin oliy ta’lim muassasasi talabasi degan nomga sazovor bo‘lgan.
– Ikki yildan buyon mazkur ixtisoslashtirilgan maktabda ta’lim olib kelmoqdaman, – deydi Jasmina Abdurahimova. – Ustozlarimizga rahmat. Bizga yuqori darajada bilim bermoqda. Hozir ikkita fandan milliy sertifikatni qo‘lga kiritib, 167 ballga egaman. Maktabni tugatib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga kirish niyatidaman.
Maktabda turli to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, ularda o‘quvchilar faol ishtirok etadi. “Robototexnika” to‘garagida o‘quvchilar o‘zlari yasagan turli robot modellari bilan tanlovlarda muvafaqqiyatli qatnashmoqda.
– Biz guruhimiz bilan robototexnika bo‘yicha tanlovning viloyat bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdik, – deydi Mironshoh Shamsiddinov. – Koreyalik mutaxassislardan onlayn tarzda bilim oldim. Yakunda ular 6,5 million so‘mlik robot sovg‘a qilishdi. O‘zim ham bir guruh o‘quvchilarga turli robotlar yasashni o‘rgatib kelmoqdaman.
Hozir “Ofitsiant” deb nomlangan robot ustida ish olib bormoqdamiz. Telefon orqali boshqariladi. Boshqarish ingliz tilida programmalashtirilgan. Uning o‘zbek tilidagi muqobilini yaratish ustida ishlayapman.
[gallery-17567]
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” munosabati bilan mazkur ixtisoslashtirilgan maktabga tashkil etilgan press-turda OAV vakillari va blogerlar o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar bilan tanishdi. O‘quvchilarning dars jarayoni va noakademik to‘garaklardagi amaliy mashg‘ulotlarini ko‘zdan kechirdi.
Tadbir yakunida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Odil Norov va maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Vohid Muhammedovlar o‘qitish tizimi va metodikasi hamda 2024-2025 o‘quv yili uchun o‘quvchilar qabuli to‘g‘risida ma’lumot berdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbiri