Bugun yurtimizda tadbirkorlik, xususan, qishloq xo‘jaligining parrandachilik yo‘nalishiga qiziqish ortib bormoqda. Ushbu serdaromad soha aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mavzuni Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida faoliyat yuritayotgan «Qiziltepa-parranda-klasteri» mas’uliyati cheklangan jamiyati misolida davom ettiramiz.
Korxona hozirda Qiziltepa tumanidagi “G‘oyibon” mahallasi hududida joylashgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 20 mingta broyler jo‘jani parvarishlash imkoniyatiga ega. Aholini sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida korxona kooperatsiya usulida xonadonlarga parranda tarqatish va yetishtirilgan parrandalarni qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘ygan.

Quvonarlisi, korxona kooperatsiya usulida Buxoro viloyatining G‘ijduvon va Kogon tumanlari, Samarqand viloyatining Paxtachi, Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi 100 dan ortiq xonadonlar bilan shartnoma asosida hamkorlik qilinmoqda.
Bu nafaqat aholiga qo‘shimcha daromad manbai, balki mahalliy bozorni parranda go‘shti bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Loyihani yanada kengaytirish va zamonaviylashtirish maqsadida «Mikrokreditbank» ATB tomonidan 1 milliard 200 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan edi.

Ajratilgan mablag‘ hisobidan yetishtirilgan mahsulotni saqlash uchun muzlatgichli omborxona qurildi. Tayyor mahsulotlarni bozorlarga tez va xavfsiz yetkazish maqsadida yuk avtomashinasi sotib olindi.
Ta’kidlash kerakki, keyingi 2 yilda «Mikrokreditbank» ATB tomonidan 330 ta xo‘jalikka 1,2 trln. so‘m (shundan, PQ-5146-son qaroriga asosan 763 mlrd. so‘m hamda bank o‘z mablag‘lari hisobidan 459 mlrd. so‘m) kredit ajratilib, 173 ta korxona sog‘lomlashtirildi.

Jumladan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida 20 ta loyihaga 190,1 mlrd. so‘m kreditlar ajratildi.
Ushbu kreditlarning 102,5 mlrd. so‘mi yangidan tashkil etilgan loyihalarga va 87,6 mlrd. so‘mi kam quvvatda ishlayotgan parrandachilik xo‘jaliklariga yo‘naltirildi.
Bunday loyihalar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholining turmush darajasi oshmoqda, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmoqda.
Bank Axborot xizmati
Reklama huquqi asosida.