Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson qadri, aholi turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va farovon hayot uchun barqaror sharoit yaratish masalasi turibdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi esa ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Ushbu dastur ijrosi Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida ham amaliy natijalar bilan namoyon bo‘lmoqda.

Qiziltepa tumanida kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash va ularning hayot sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan ishlar manzilli va tizimli ravishda tashkil etilmoqda. Eng muhimi, bu jarayonlarda rasmiyatchilik emas, balki fuqarolar muammosiga joyida yechim topish tamoyili ustuvor.
– Kambag‘allikdan chiqish, avvalo, aholini ish bilan ta’minlash va ularga barqaror daromad manbalarini yaratish orqali amalga oshadi, – deydi Qiziltepa tuman hokimi Bekzod Bobomurodov. – Shu bois fuqarolarning xonadonlariga kirib borib, muammolarni o‘rganish, takliflarini tinglash va aniq yechimlarni amalda bajarishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Islohotlar samarasi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar hayotida yaqqol sezilmoqda. Jumladan, tumanda tug‘ilib o‘sgan, 87 yoshni qarshilagan Ismoil bobo To‘xtayev va rafiqasi Sharofat ayaning eski, ta’mirtalab xonadonlari to‘liq buzilib, o‘rniga barcha qulayliklarga ega zamonaviy yangi uy barpo etildi. Bo‘ston mahallasida istiqomat qiluvchi, 1-guruh nogironi Sobir Hayitov uchun ham yangi uy qurilib, otaxon munosib sharoitda yashash imkoniga ega bo‘ldi. Do‘rmontepa qishlog‘ida, ta’mirtalab xonadonda istiqomat qilayotgan Komil bobo Erkayev va Dilovar aya Ochilovalar xonadoni ham zamonaviy usulda qurilib, yangi yilga sovg‘a qilindi. Shuningdek, ularning salomatligini tiklash maqsadida sanatoriylarga yo‘llanmalar ajratildi.

Mahallalarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Azizobod mahallasida yashovchi Jalol Qurbonov va Nargiza Nurmatovalar oilasining ham uy-joy sharoiti og‘ir ekani aniqlandi. Natijada eski uy buzilib, o‘rniga zamonaviy yangi xonadon qurib berildi. Oilaning ikki nafar o‘g‘li uchun o‘tkazilgan xatna to‘yi esa aholiga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va insonparvarlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Bugungi kunda Qiziltepa tumanidagi 48 ta mahallada qariyb 167 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi turmush darajasini oshirishda infratuzilmani rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda joriy yilda tumanda 50 kilometrdan ortiq ichki yo‘llar shag‘allashtirilib, 38 kilometr yo‘l asfaltlandi. 21 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etildi, 184,9 kilometr yangi elektr tarmoqlari tortildi, 1250 ta eski tayanch ustunlar beton ustunlarga almashtirildi. Shuningdek, 56 ta yangi transformator o‘rnatilib, 112 ta transformator punktlari ta’mirlandi.

Tuman markazidagi O‘zbekiston shoh ko‘chasining 800 metrdan ortiq qismi 24 soat faoliyat yuritadigan zamonaviy ko‘cha sifatida foydalanishga topshirildi. Ushbu loyiha uchun 3 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, piyodalar yo‘laklari, veloyo‘laklar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun maxsus harakat yo‘laklari tashkil etildi. Zamonaviy o‘rindiqlar, soyabonlar, rang-barang yoritish tizimlari, musiqali favvoralar va manzarali daraxtlar ko‘chaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. Bu esa aholining dam olishi va yoshlarning bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Azizobod va Oqmachit mahallalarida zamonaviy “Mahalla markazlari” barpo etildi. Ushbu markazlarda kutubxona, kasbga yo‘naltirish va o‘quv markazlari, yoshlar maskani, tikuvchilik va ishlab chiqarish sexlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Keksalarga g‘amxo‘rlik doim ustuvor masala bo‘lib kelmoqda. Tuman markazida barpo etilgan zamonaviy “Nuroniylar maskani” bugungi kunda 20 ming nafardan ortiq keksalarga xizmat ko‘rsatmoqda. Maskanda sport-sog‘lomlashtirish uskunalari, shaxmat-shashka xonalari hamda dam olish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali ham aholi bandligi kengaymoqda. Jumladan, So‘fiyon mahallasida 240 o‘rinli “Parvoz” xususiy maktabi o‘z faoliyatini boshladi. Shuningdek, O‘zbekiston shoh ko‘chasida 105 ta xonadon va 16 ta maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini o‘z ichiga olgan ko‘p qavatli majmua foydalanishga topshirilmoqda.
Xullas, Qiziltepa tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatiga qaratilgani, aholi hayotida real ijobiy o‘zgarishlar yaratayotgani bilan ahamiyatlidir. Bu ishlar kambag‘allikni qisqartirish, farovon hayotni ta’minlash va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish yo‘lidagi mustahkam qadamdir.
A.Bo‘riyev, O‘zA