Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qiziltepada “Hokim va yoshlar” uchrashuvi
12:16 / 2022-12-24

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “Nafosat” madaniyat markazida tuman hokimi Ulug‘bek Fayziyev ishtirokida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

Unda sektor va tashkilotlar rahbarlari, “Besh tashabbus olimpiadasi” va “Zukko yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi sovrindorlari, turli musobaqalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan yoshlar ishtirok etdi.  

Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlar, Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasidagi eng ustuvor vazifalar haqida so‘z bordi.  

Joriy yil sentyabr oyida boshlangan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumi musobaqalarida ishtirok etish uchun qiziltepalik 30 yoshgacha bo‘lgan 41 ming 424 nafar yigit-qiz ro‘yxatdan o‘tgan edi. Ularning 20 nafari respublika bosqichida g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi.

Jumladan, stol tennisi musobaqasining 27-30 yoshlilar o‘rtasida “Humo” mahallasida istiqomat qiluvchi Maftuna Isroilova 2-o‘rinni, 22-26 yoshlilar o‘rtasida stol tennisida “Vang‘ozi” mahallasida istiqomat qiluvchi Fazliddin Teshayev, milliy kurashda “Bo‘ston” mahallasida istiqomat qiluvchi Shaxriddin Qurbonov, voleybol musobaqasida esa “Nurafshon” mahallasi yigitlari 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

  

Shuningdek, yengil atletika musobaqasida 22-26 yoshlilar o‘rtasida “Mustaqillik” mahallasi qizlari 2-o‘rinni, 16-21 yoshlilar o‘rtasida “Varozun” mahallasi yigitlari 3-o‘rinni band etdi.  

Ikkinchi mavsumning yangi loyihalaridan biri sifatida kiritilgan “Milliy va zamonaviy musiqa asboblari” yo‘nalishining doira guruhida 23-30 yosh toifasida “Buyuk ipak yo‘li” mahallasida yashovchi Nozim Namozov 1-o‘rin, qashqar rubobida 10-15 yoshdagi ishtirokchilar o‘rtasida “Ayronchi” mahallasida yashovchi Shoxruh Hojiqurbonov 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Natijada g‘olib va sovrindorlar istiqomat qilayotgan mahallalarda varkaut, streyet varkaut sport maydonchalari quriladigan bo‘ldi.

Tuman hokimining tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Zukko yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovida ham barcha mahallalardan kitobxon yoshlar ishtirok etib, yakunda “Kulolon” mahallasi yoshlari g‘olib bo‘ldi.

Tadbirda barcha g‘olib va sovrindor yoshlarga esdalik nishonlari va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Eng sara qo‘shiqlar ijro etildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA