Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qiziltepada “aqlli hisoblagichlar” o‘rnatish ishlari yakunlandi
09:31 / 2022-01-07

Gaz ta’minoti tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangiliklar fuqarolarimizning ovoragarchiliklariga barham berish, ularning og‘irini yengil qilish, qolaversa, xavfsizligini ta’minlash uchun xizmat qilayapti. Ayniqsa, tabiiy gaz iste’molchilari uchun o‘rnatib berilayotgan “aqlli hisoblagichlar” vaqt va ish hajmini tejagan holda to‘lovlarni amalga oshirish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 sentyabrda qabul qilingan “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda tabiiy gaz iste’molchilari xonadonlariga “aqlli hisoblagichlar” o‘rnatilmoqda. Natijada tabiiy gaz iste’molchilari uchun o‘rnatib berilayotgan hisoblagichlar vaqt va ish hajmini tejagan holda to‘lovlarni amalga oshirish imkonini bermoqda.

Navoiy viloyatining tabiiy gaz iste’molchilari soni ko‘p, debitor qarzdorligi esa yuqori bo‘lib kelgan hududlaridan biri – Qiziltepa tumanida ham “aqlli hisoblagichlar” o‘rnatish bilan bog‘liq jarayonlar nihoyasiga yetkazildi.

– Tumanimizda 38 ta mahalladagi 20 ming 278 ta xonadonga tabiiy gaz yetkaziladi, – deydi bo‘lim bosh muhandisi Botir Qutliyev. – Ushbu xonadonlarning 1126 tasi ko‘p qavatli va 19 152 tasi hovli turar-joylaridan iborat. Zamonaviy hisobdonlar o‘rnatish ishlari dastlab hovli turar-joylaridan boshlandi. Iste’molchilarga zamonaviy gaz hisoblash uskunasining afzalligi, qulayligi, undan foydalanish tartibi haqida ham ma’lumotlar berildi. Tumanimizda 2021 yilda ro‘yxatga kiritilgan iste’molchilar ham bor. Ularga ham belgilangan tartib bo‘yicha zamonaviy hisobdonlar o‘rnatib berilmoqda.

Joriy yil 5 yanvar holatiga 1657 nafar iste’molchida 402 million 500 ming so‘m qarzdorlik mavjud bo‘lsa, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 11 ming 702 nafar iste’molchida 1 milliard 686 million 300 ming so‘mni tashkil etgan. Bir yil davomida qarzdorlik keskin kamaygan.

Navoiy viloyatida zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda. bugungi kunda 103 306 ta xonadon egalarining sarflagan tabiiy gaz hisobi avtomatlashtirilgan tizim orqali nazorat qilinyapti. O‘rnatilgan hisobdonlar haqidagi ma’lumotlar to‘liq maxsus dasturga kiritilgan. Hududlarda bosqichma-bosqich jarayonlar yakunlanmoqda.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA