Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida NKMK tizimidagi madaniyat muassasalarining san’atsevar yoshlari o‘rtasida an’anaviy “Qizilqum san’at g‘unchalari – 2025” bolalar ko‘rik-tanlovi – festivali bo‘lib o‘tdi.
Bu yilgi ko‘rik tanlovda NKMK tasarrufidagi madaniyat muassasalarining 700 nafarga yaqin san’atsevar o‘g‘il-qizlari ishtirok etdi. Ular ijrochilikning xonandalar, vokal guruhlari, orkestrlar va zarbli cholg‘u ansambllari, shuningdek, raqs jamoalari va ansambllari yo‘nalishlarida mahoratlarini namoyish etdi.


– “Qizilqum san’at g‘unchalari – 2025” bolalar ko‘rik-tanlovi – festivaliga taklif qilishganida avvaliga ikkilandim, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Rushana Sultonova. – Navoiyga kelgach, “Farhod” madaniyat saroyida tashkil etilgan festivalning ochilish marosimini ko‘rib hayratda qoldim. Festival yuqori saviyada tashkil etilgan va ijodiy jamoalar qattiq tayyorgarlik ko‘rgan. Ayniqsa, raqs jamoalari ichidan eng yaxshilarini tanlash hatto men uchun ham murakkablik qildi, desam adashmayman. Biri-birini takrorlamas liboslarda millatlarga xoslikni kuzatib, NKMKdek ko‘p millatli jamoada millatlararo bag‘rikenglik, milliy san’atga hurmat naqadar ulug‘langanligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim.


Tanlovning har bir yo‘nalishida bolajonlar tomonidan ijro etilgan quy-qo‘shiqlar, raqslar har bir kishini hayratga solgani aniq. Tajribali hakamlar ijrodagi mahorat bilan birga qo‘shiqlarning badiiy saviyasi, mavzudagi samimiyatga e’tibor qaratdi.
Tanlov yakunida ishtirokchilar tomonidan gala konsert namoyish etilib, g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda estalik sovg‘alari topshirildi.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri