Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qizilqum kengliklarida bog‘lar, “yashil belbog‘”lar kengaymoqda
12:17 / 2024-05-15

Yashil makon

Bugungi kunda butun dunyoda iqlim o‘zgarishi global muammoga aylanib bormoqda. Bu xavf biz yashab turgan makonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Uning oldini olish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Natijada daraxt va buta ko‘chatlari ekish, bog‘lar barpo etish, yashil maydonlarni kengaytirish, sanoat hududlarini ihotazorlashtirish respublikamizda ommaviy harakatga aylandi.  

Bu jarayonda Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi ham faol ishtirok etib kelmoqda. 2021-2024 yillarda hududlar iqlimiga mos bir million tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari o‘tqazilib, yangi bog‘-rog‘lar, yashil maydonlar barpo etildi.

Yashil makon, bu – ekologik muhit, inson salomatligi, uzoq umr ko‘rish, kelajak avlod taqdiri demakdir. Buni birinchi darajali vazifa, deb bilgan kombinat jamoasi bu yilgi bahor va kuz mavsumida ishlab chiqarish korxonalari, konchilar maskanlari hududlariga 460 ming tup mevali, manzarali va buta ko‘chatlari ekishni rejalashtirgan. Erta ko‘klam Qizilqum kengliklarida joylashgan bo‘linmalar hududlariga 24,8 ming tup manzarali, 4,7 ming tup mevali, 302,7 ming tup buta ko‘chatlari, shuningdek, har xil gul nihollari o‘tqazildi. Bu ezgu ishlar buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Hamishalig‘ ta’kid etur edim: xon bo‘lsang-da bog‘ yarat, gadoy bo‘lsang-da bog‘ yarat – bir kunmas-bir kun mevasini tatirsen…” degan da’vatini yodga soladi.  

Bog‘lar hudud ko‘rki, tarovati hisoblanadi. Ular mevasi, soyasi insoniyat uchun rizq-nasiba, hayot manbaidir. Kombinat jamoasi har yili yangi bog‘lar yaratishga katta e’tibor qaratib kelyapti. “Do‘stlik” agrofirmasi hududida 8 gektarlik “NKMK 65 yilligi”, Navoiy mashinasozlik zavodi hududida “NMZ 60 yilligi”, 3-gidrometallurgiya zavodi hududida 5 gektarlik “NKMK 65 yilligi” kabi bog‘lar barpo etilgani fikrimiz isboti. Nurota tumanida joylashgan “Pistali” koni va 6-gidrometallurgiya zavodi hududida barpo etilgan 65,5 gektarlik bog‘ va “yashil belbog‘”larga asos solingani xayrli tashabbuslardan biri bo‘ldi. Hashar yo‘li bilan boqqa 41 ming tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari, shuningdek, joriy yilning bahor mavsumida 24 ming tupdan ortiq buta nihollari ekildi.

Ayni paytda ekilgan har bir nihol agrotexnik talablar asosida parvarishlanmoqda. Bu “yashil belbog‘”lar faylasuf shoir Gyote aytganidek: “Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar meva-yu yaproq”. Hademay bu ko‘chatlar bo‘y ko‘rsatib, hududlarga o‘zgacha chiroy, tarovat bag‘ishlaydi. Ko‘rkam bog‘zor, yashil makonga aylanadi. Yozning jazirama kunlarida o‘tgan-ketganlar ular soyasida birpas tin olib, ekkanlar haqqiga duolar qilsa, ajabmas!  

Bu yilgi bahor ancha seryog‘in keldi. Yuqori namlik va quyoshning zarrin tafti ko‘chatlar rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ular bugun ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda. Ayni paytda nihollarni sug‘orish eng tejamkor usul – tomchilatib sug‘orish orqali amalga oshirilmoqda.  

Ma’lumki, bo‘linmalar joylashgan Qizilqum kengliklari, Nurota tog‘ tizmalari, dasht-adirliklarning iqlimi, tuproq xususiyati har xil. Misol uchun, Qizilqumning yozi issiq-garmsel, qishi esa izg‘irin va qahraton. Bu hudud sharoitiga mos nihol ekilmasa, ko‘chatlar tabiat injiqliklariga dosh berolmasligi tabiiy. Buning uchun eng avval hududlar tuproq tahlili va iqlim sharoiti o‘rganilib, shunga mos saksovul, qayrag‘och, tol, tut, chinni gujum, qarag‘ay, olma, nok, gilos, olcha va boshqa ko‘chatlar ekildi. Ular barchasi pasportlashtirilib, “yashilmakon.eco” “Yashil makon” elektron platformasiga kiritildi. Yangidan tashkil etilgan ish o‘rinlariga dehqonchilik, bog‘dorchilik hadisini olgan tajribali bog‘bonlar ishga olinmoqda.

Gullar, gulzorlar tarovati, ifori inson qalbiga o‘zgacha zavq bag‘ishlashiga hech e’tibor berganmisiz! Kombinat jamoasi borliqqa chiroy, konchilarga yaxshi kayfiyat bag‘ishlash maqsadida bo‘linmalarni gulzorlarga aylantirishga alohida e’tibor qaratgan va bu ishlarda har doim faol. Ayni kunlarda kombinat bo‘yicha 64 kilogramm rayhon urug‘i xarid qilinib, ularni ekish ishlari yakunlanmoqda.

Bundan tashqari, ko‘chatlar ekilgan maydonlar oralig‘iga qadalgan sabzavot va poliz ekinlari yaxshi natijalarni beryapti. Ulardan olingan hosil ishchi-xodimlarga yetkazib berilmoqda. Qizilqum kengliklarida yetilgan, quyosh taftiga to‘yingan mahsulotlar ta’mi tilni yoradi.  

Kombinat jamoasining xayrli tashabbuslaridan biri korxona yoshlari har yili “Orol taqdiri – kelajak avlod taqdiri!” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq shahridan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan Orol dengizining qurigan tubida saksovul ko‘chatlarini o‘tqazish aksiyasida faol ishtirok etib kelayotganidir. Yaqinda 100 nafar yosh ushbu olis hududga borib, umummilliy loyiha doirasida saksovul ekish ishlarini amalga oshirib keldi.

Olis hududda ko‘klam tarovati

Uchquduq viloyat markazidan 300 kilometr uzoqda, Qizilqum sahrosi bag‘rida joylashgan. Konchilar maskani davlatimiz e’tibori va kombinat ko‘magida yildan-yilga eng obod, havas qilsa arzigulik manzilga aylanib bormoqda. Bunday ko‘rkamlikni konchilar o‘z qo‘llari bilan yaratib, hududni gullab-yashnatishga katta hissa qo‘shmoqda.  

Aslida, bu yerda yashash, ishlash, nihol o‘stirish, bog‘ yaratishning o‘zi katta jasorat va qahramonlikdir. Buni bu manzilda istiqomat qilayotganlar, hududda bo‘lganlar yaxshi biladi. Shu bois, yozning issiq garmseli, qish izg‘irini, qum-barxanlar ko‘chkisi, cho‘lning murakkab sharoiti, tabiat injiqliklariga chidab, shukronalik bilan umrguzaronlik qilayotganlar irodasi, matonatiga tasannolar aytsa arziydi.  

Uchquduqliklar yashayotgan maskanini yaxshi ko‘radi. Bu manzilni gullab-yashnatish, bog‘-rog‘ga aylantirish, mehr bilan nihol o‘stirish ularning orzu-maqsadi. Erta bahordan o‘z manzillarini obod qilish istagida belni mahkam bog‘lab, yangi nihollar, gullar o‘tqazadi. Buning natijasida hududda bog‘-rog‘lar borgan sari kengayib borayotir. Bu yilgi bahor mavsumida konchilar ko‘chat ekishni yana birinchilardan bo‘lib boshlab berdi. Ular ishtirokida 86 ming tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari, butalar ekildi. Ayni paytda qadalgan nihollar obi-tobida parvarishlanmoqda.  

Ayniqsa, bo‘linmalarni “yashil belbog‘”, “yashil qoplama”, ya’ni himoya devorlari bilan o‘rash, cho‘l iqlimiga mos manzarali daraxt, saksovul va buta ko‘chatlarini ko‘paytirish, manzillarni toza-ozoda saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish o‘ziga xos an’ana hisoblanadi. Uchquduqliklar bu ezgu ishga aslo befarq emas. Shu bois, Uchquduq borgan sari yashnab, yashil qiyofaga kirib bormoqda. Bugun hudud jamolini ko‘rib, dilingiz yayraydi, yurt odamlarining yaratuvchanlik yo‘lidagi ishlariga havasingiz keladi.

Bir kelib-keting qo‘rg‘onimizga!

Janubiy kon boshqarmasi bo‘linmalari Qo‘shrabot, G‘allaorol va Nurobod tumanlari dashtu adirliklarida joylashgan. Bugun kombinatda ishlab chiqarilayotgan oltinning sezilarli ulushi mazkur boshqarma hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi yillarda 4-gidrometallurgiya zavodi, kon va shaxtalar, turli ishlab chiqarish tarmoqlari, shu bilan birga, zamonaviy infratuzilmaga ega Nurobod va Marjonbuloq shaharlari, Zarkent qo‘rg‘oni obodonchiligi yo‘lida katta ishlar qilingani chinakam bunyodkorlik namunasi bo‘ldi.  

Bugun dov-daraxtlarga burkangan, tog‘-adirlarga tutash Zarkent qo‘rg‘oniga tashrif buyurgan har qanday kishining bu maskanga havasi kelishi tabiiy. Chunki zamonaviy uy-joylar, ravon ko‘chalar, bir-biridan chiroyli ijtimoiy ob’ektlar, yo‘l cheti va bo‘sh maydonlarga ekilgan nihollar, gul-rayhonlar tarovati inson qalbiga o‘zgacha zavq beradi. Bu qalbida yaratuvchanlik ishtiyoqi yonib turgan ahil jamoaning birdamligi, hudud obodligi yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlarining mevasidir.

So‘nggi to‘rt yilda ekilgan 40 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar, buta va gul ko‘chatlari konchilar maskanlari ko‘rkini tubdan o‘zgartirib yubordi. Mevali daraxtlar esa ilk hosil berib, el ma’murchiligini ta’minlamoqda. Hozir har bir nihol nazoratga olinib, agrotexnik talablar asosida parvarishlanayotgani quvonarlidir.

Bu yil dashtu adirlarimizga ko‘klam o‘zgacha keldi. Yog‘ingarchilik bu eldan o‘z saxovati, barakasini ayamadi. Butun olam yashillik, go‘zallik, lola-yu qizg‘aldoqlar bo‘y-basti, iforidan yashnab ketdi. Bundan unumli foydalangan zarkentliklar yashash joylari, hovli-yu tomorqalariga nihollar qadab, ko‘chat va gullar o‘tqazdi. Bahor nafasi, uyg‘onish simfoniyasi aks etgan pallada Zarkent yanada ko‘rkam qiyofaga kirdi. Qo‘rg‘onimizga bir kelsangiz, buning barchasiga o‘zingiz yaqqol guvoh bo‘lasiz.

Qizilqum kengliklarida...

Tabiat yangidan chiroy ochdi. Sahro yanada go‘zallashib, o‘t-maysalar, saksovullar ko‘zni quvnatadi. Yovshanu shuvoq isi dimoqlarni qitiqlaydi. Olam va odam uyg‘onmoqda. Shunday pallada hech kimda tinim yo‘q. Mehnat jamoalari ham faollashgan. Ular safida Markaziy kon boshqarmasining ahil, bunyodkor jamoasi ham bor. Ko‘chat, gul ekish ishlarini tugatib, nihollarni parvarishlashga kirishilgan.  

Ko‘klamgi yumushlar davrida zarafshonlik konchilar 74,6 ming tupdan ziyod har xil navli, iqlimga chidamli qayrag‘och, yasen, chinni gujum, tol, tut, Suriya atirguli va boshqa nihollarni o‘tqazdi.  

Xalqimizda “Izlagan imkon topar”, degan gap bor. Bu zamin odamlari nihoyatda izlanuvchan, intiluvchan. Shu boisdan, dehqonchilik bobida qo‘shimcha imkoniyatlarni izlab topmoqda. Bunga “Auminzo-Amantoy” konida amalga oshirilgan ishlar isbot. Jamoa tashabbusi bilan 2021 yilda mo‘’jazgina issiqxona tashkil etilgan edi. Ayni paytda bu yerda 47 tup limon, 6 tup mandarin ko‘chatlari parvarishlanib, ichki ehtiyoj uchun 18 ming tup har xil turdagi gul nihollari yetishtirilmoqda va hududlarga o‘tqazilmoqda. Bu ham mablag‘ni iqtisod qilishning bir yo‘li.

Kon jamoasi bu yilgi bahor mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 3 gektar yerga 600 tup mevali va manzarali ko‘chat o‘tqazishga erishdi. Shuningdek, hududga qovun-tarvuz, qovoq, har xil ziravorlar urug‘lari ham ekildi. Bunday ishlarni boshqa bo‘linmalar misolida ham keltirish mumkin.  

Har bir ishda peshqadam

Yashil maydonlar, bog‘lar, eng muhimi, har bir bo‘linmadagi obodlik va orastalik inson qalbiga ishchanlik kayfiyatini baxsh etadi. Bugungi kunda katta maydonda joylashgan Navoiy mashinasozlik zavodiga nisbatan shunday iliq iboralarni keltirish mumkin. Bugun zavod hududiga kirib borar ekansiz, did bilan ekilgan anvoyi gullar, yashillikka burkangan bog‘lar, soya-salqin xiyobonlar, mo‘’jazgina dam olish joylarini ko‘rib, jamoa ishiga havasingiz keladi. Did bilan ekilgan nihollar dillarga betakror quvonch va orom bag‘ishlaydi.  

Har gal guvoh bo‘lamiz: bog‘bonlar doimo nihollar parvarishi, ularga ishlov berish bilan ovora. Buning natijasida ular soat sayin ko‘kka bo‘y cho‘zib, rivoj topib bormoqda. Ahil jamoa bu yilgi bahor mavsumida dov-daraxtlar sonini yanada oshirishga erishdi. Korxona hududiga 10,1 ming tup har xil ko‘chatlar ekildi.

Qilingan bu xayrli ishlar, barpo etilgan bog‘lar, ihotazorlar ertaga yashil devor sifatida insonlarni cho‘l shamollari, chang-g‘uborlardan saqlashi, hududlarga ko‘rkamlik bag‘ishlashi, fidoiy konchilarni o‘z hosilidan bahramand etishi tabiiy. Shu o‘rinda, qahramon shoirimiz Erkin Vohidovning quyidagi satrlari yodimizga keladi:

Yurtdoshim, bog‘ingga bir nihol qada,

Bu nihol nomini Yaxshilik ata.

Niholing yoniga bir gul ekib qo‘y,

U gulning ismini Go‘zallik deb qo‘y.

 

Gulu niholingga baxsh etib hayot,

Suv ber va bu suvga Mehr deb ot qo‘y.

Sendan farzandingga bog‘ qolsin, ey do‘st,

Bog‘ing Vatan degan nom olsin, ey do‘st.

Kombinatning ulkan jamoasi bunday xayrli ishlarni amalga oshirishda faol ishtirok etib, jannatmakon yurtimizni obod etish yo‘lida davom etaveradi...

 

Begzod Saidov,

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ

Korporativ ijtimoiy mas’uliyatlar bo‘limi boshlig‘i.

O‘zA