Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qizilqum bag‘ridagi taraqqiyot: Peshku tumanida islohotlar samarasi
21:11 / 2026-02-09

Buxoro viloyatining eng olis hududlaridan Qizilqum kengliklariga tutash Peshku tumani bugun islohotlar ko‘lami, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sur’atlari bilan butun viloyat miqyosida alohida e’tiborga loyiq hududga aylanib bormoqda. Bir vaqtlar ma’muriy markazi ham bo‘lmagan, infratuzilmasi cheklangan bu hudud qiyofasi kun sayin yangilanib, zamonaviy qishloq tumani sari qadam tashlamoqda.

Ayni paytda tuman taraqqiyotining asosiy drayver yo‘nalishi qishloq xo‘jaligi hisoblanadi. So‘nggi yillarda, ayniqsa, issiqxona xo‘jaliklarining jadal rivojlanishi aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va turmush farovonligini oshirishda muhim omilga aylanmoqda. Hozirda, tumanda 24 039 ta xonadonga tegishli 4 287 gektar tomorqa yerlari hamda uzoq muddatli ijara asosida berilgan 1 711 gektar ekin maydonlari mavjud bo‘lib, ularning 330 gektarida issiqxonalar tashkil etilgan.

“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan namunaviy loyihalar dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida yuqori daromadli ekinlar yetishtirish orqali, 10 sotix issiqxonada o‘rtacha 18 tonnagacha hosil olib, 150–200 million so‘m daromad topayotgan oilalar soni yil sayin ortib bormoqda.

– Issiqxona faoliyatini o‘z tomorqamdagi 2,5 sotix yerdan boshlaganman. Ilk natijalar yaxshi bo‘ldi, barqaror daromad paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng ishni kengaytirish, nafaqat oilamizni, balki mahallamiz aholisini ham ish bilan ta’minlashni maqsad qildik. Prezidentimiz tashabbusi asosida 30 sotix ijara yer ajratildi. Shu yerning 20 sotixiga issiqxona qurdik. Yiliga ikki marta hosil olinadi. Birinchi mavsumda bodring va pomidor yetishtiriladi. Hozirda qator oralariga ekilgan pomidordan 300 million so‘mga yaqin daromad olish rejalashtirilgan. Ayni paytda besh nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan, – deydi Farhod Kamolov.

Tumanning Shavgon mahallasidagi Mohidil Qozoqova o‘z xonadonidagi 2 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etgan. Hokim yordamchisining tavsiyasi asosida 200 million so‘mlik bank krediti olib, ijara yer maydonida qo‘shimcha 8 sotix issiqxona qurildi. Hozir ushbu issiqxonalarda qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, beshta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

[gallery-27566]

– Qishloq ayollari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanish lozim, – deydi Mohidil Qozoqova. – Avvaliga uyimizdagi tomorqada ish boshladik. Keyin ijara yer berildi, issiqxona kengaydi. Foydadan yana yangi issiqxonalar qurishni rejalashtirganmiz. Bu nafaqat oila farovonligi, balki boshqa ayollarni ham ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Tumanda mikroloyihalarni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish siyosati ham samarali amalga oshirilmoqda. Peshku mahallasida Inobat Narziyeva tomonidan tashkil etilgan pishiriq va non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi qisqa fursatda mahalliy bozorda o‘z o‘rnini topdi. Bugun ushbu korxonada 20 nafarga yaqin aholi doimiy ish bilan ta’minlangan.

Deycha mahallasida esa Muhabbat Baqoyeva tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik korxonasi tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan 64 million so‘mlik asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Shuningdek, mahalla yettiligi tavsiyasi asosida yuz million so‘mlik bank krediti olinib, faoliyat kengaytirildi. Natijada 10 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Peshku tumanidagi taraqqiyot nafaqat ishlab chiqarish va tadbirkorlik sohasida, balki uy-joy qurilishida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Buxoro viloyatida qurilish ishlari hajmi 20 trillion so‘mga yetkazilib, o‘sish sur’ati 110 foizdan oshgan. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ming nafar fuqaroga subsidiya asosida uy-joy xaridi uchun 294,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘tgan yilning o‘zida uy-joyga muhtoj aholi uchun 7 068 xonadondan iborat 130 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etilgan bo‘lib, ularning qariyb o‘n foizi Peshku tumani hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bugun Peshku tumanining Yangibozor massivi qisqa fursatda mo‘’jaz shaharchaga aylanib ulgurdi. Zamonaviy ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari yosh oilalar hayotida yangi sahifa ochmoqda.

– 2025 yil oilamiz uchun juda quvonchli yil bo‘ldi. Tuman markazidagi zamonaviy ko‘p qavatli uyga ko‘chib o‘tdik. Sharoitlar juda qulay. Eng quvonarlisi, uyimiz oldida maktab va bog‘cha bor. Farzandlarimiz zamonaviy ta’lim maskanlarida tahsil olyapti. O‘zim tadbirkorman, tikuv sexim bor. Endilikda faoliyatimni kengaytirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirishni maqsad qilganman, – deydi Ruxshona Ziyoyeva.

Xulosa qilganda, Peshku tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar – qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, mikrobiznes, bandlik, uy-joy qurilishi va ijtimoiy infratuzilma sohalaridagi tizimli ishlar hududning barqaror rivojlanishiga mustahkam zamin yaratmoqda. Eng muhimi, zamonaviy uy-joylarda istiqomat qilayotgan peshkuliklar katta maqsadlar bilan kelajak sari ishonch bilan odimlamoqda.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.