Konimex tumani – Navoiy viloyatining shimolida joylashgan, o‘ziga xos tabiiy sharoiti, boy tarixi va iqtisodiy imkoniyatlari bilan ajralib turadigan hududlardan biridir. Tuman garchi cho‘l hududida joylashsa-da, katta imkoniyatlarga, boy tarixga va mehnatkash aholiga ega nufuzli tumanlardan biri sanaladi.
Uning sanoati, chorvachiligi, o‘ziga xos tabiati va strategik joylashuvi hududni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratib kelayotir.
Qizilqum bag‘rida joylashgan Konimex tumani o‘zining 100 yillik tarixiy yubileyini munosib nishonlamoqda. Bugun bu hududda ko‘p yillik mehnat, jasorat va yangilanish samaralari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Yozda juda issiq, qishda esa sovuq va quruq iqlimli cho‘l sharoitiga qaramay, o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq va yana o‘ndan ortiq millat vakillari totuv va inoq hayot kechirib, tuman taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelyapti.
– So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Konimexda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Infratuzilma yangilandi, iqtisodiy salohiyat kengaydi, aholi turmush darajasi yaxshilandi, – deydi tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev. – Bugungi Konimex bir asrlik taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan, zamonaviy ko‘rinishga ega hududdir. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi o‘sish buning isbotidir. Oxirgi besh yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6, qishloq xo‘jaligi 2,2, qurilish ishlari 2,8, chakana savdo 2,3, xizmatlar ko‘lami esa 2,2 barobar oshdi. Tadbirkorlik sub’ektlari soni ham 817 tadan 1348 taga yetdi.
Tumanda investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ham muhim natijalar qayd etildi. Besh yil ichida qiymati 396,2 million dollar bo‘lgan 302 ta loyiha amalga oshirildi, 2 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. Ushbu yo‘nalishda 137,3 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, umumiy investitsiya hajmi 23 barobarga ko‘paytirildi. Tumanda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilishi natijasida 100 gektardan ortiq maydonda yuqori sifatli paxta xomashyosi yetishtirildi.
Chorvachilik sohasida ham ulkan yutuqlar qayd etilmoqda. Besh yilda chorva bosh soni 620 mingtaga yetdi, ya’ni 115 foizga oshdi. Naslchilikni rivojlantirish maqsadida Mongoliyadan 10 mingdan ortiq naslli qo‘ylar olib kelindi.
Konimexda zamonaviy infratuzilma barpo etish ishlari izchil davom etmoqda. Oxirgi besh yilda 215,7 km avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalar ta’mirlandi. 68,2 km ichimlik suvi tarmoqlari qurilib, 9 ta aholi punkti toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Cho‘l hududlaridagi qator ovullarda yangi quduqlar qazildi. Elektr ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida 151,3 km elektr tarmoqlari va 18 ta yangi transformator punktlari ishga tushirilib, minglab xonadonlar va yuzlab tadbirkorlik sub’ektlarining sharoiti yaxshilandi.
Bugungi kunda tumanda tibbiyot va ta’lim sohalarida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Birlamchi tibbiy yordam muassasalari soni 13 taga yetdi, 7 ta “Mahalla tibbiyot punkti” tashkil etildi. Yangig‘azg‘on va Sarjal shifokorlik punktlari kapital ta’mirdan chiqarildi. Ta’lim sohasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari 15 tadan 37 taga ko‘paydi, qamrov darajasi 90,1 foizga yetdi. Maktablar ta’mirlanib, 312 ta yangi o‘quv o‘rinlari yaratildi. Oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari ham 32,8 foizdan 43,6 foizga oshdi.
Yuz yillik tarixga ega Konimex tumani bugun nafaqat zamonaviy, obod va istiqbolli hududga aylanib bormoqda, balki birdamlik va do‘stlik, yangi qurilishlar, yangilanishlar maskaniga ham aylanmoqda. Tumanda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar aholi turmush darajasini yanada yaxshilash uchun olib borilyapti.
[gallery-26285]
Albatta, tuman ahlining taraqqiyotga intilishi, mehnatsevarligi va birdamligi tufayli tuman har tomonlama rivojlanib, yuksalib bormoqda.
100 yillik bayram shodiyonalari tumanning barcha hududlarida keng nishonlanmoqda. Bayram munosabati bilan tuman markazida madaniyat markazi ta’mirdan chiqarilib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, tuman Adliya bo‘limiga qarashli davlat Arxivi tarkibida 100 yillik tarixni aks ettiruvchi noyob eksponatlar o‘rin olgan muzey ochildi. Bayram munosabati bilan uloq ko‘pkari musobaqasi tashkil etildi. Kuy-qo‘shiqlar yangrab, barchaga bayramona kayfiyat ulashilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari