Markaziy Qizilqumning qoq markazida, shimoldan Tomditog‘ va janubdan Amantaytog‘ tog‘lari chegarasida joylashgan Qizilqoq uran istiqbolli maydoni bugun yurtimizning kon-metallurgiya sohasidagi strategik ahamiyatga ega muhim nuqtalaridan biriga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasi Uran geologiyasi markazi “Bukantog‘” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi geologlarining mazkur konda amalga oshirgan geologiya-qidiruv ishlari samarali natijalarni bermoqda.

2021 yilda Qizilqoq maydonida izlash va baholash ishlarini amalga oshirish uchun maxsus geologik topshiriq ishlab chiqilib, burg‘ilash ishlari boshlab yuborilgan edi. 2022-2025 yillar mobaynida esa mazkur maydondagi ishlar izchil ravishda davom ettirilib, zamonaviy yuqori samaradorlikka ega burg‘ilash uskunalarining jalb etilishi natijasida qidiruv ishlari sezilarli darajada oshdi.
Buning samarasi o‘laroq, hozirga qadar 750 ming metrdan ortiq burg‘ilash ishlari bajarilib, 10 ming tonnadan ziyod uran zaxirasi va 7 ming tonnadan ortiq bashorat resurslari aniqlandi. Bu esa maydonning istiqbolini yanada ochib berdi.

- Aniqlangan zaxiralarni qazib olish imkoniyatlarini baholash maqsadida mutaxassislar yer ostida eritmaga o‘tkazish orqali uranni qazib olishning optimal texnologiyasini ishlab chiqdi, - deydi “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni bosh muhandisi Murod Abdiyev. - Ayni paytda ushbu texnologiya asosida qazib olish ishlari boshlab yuborilgan. Ta’kidlashim joizki, bugungi kunda maydonda 200 ga yaqin burg‘ilash qurilmalari texnologik burg‘ilash ishlarini olib bormoqda. Kelgusida ishlar vaxta usulida tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda ishchilar shaharchasini qurish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Loyiha doirasida bajarilgan ishlar yuzasidan dastlabki hisobot ishlab chiqilib, u yaqinda korxona Ilmiy-texnika kengashi yig‘ilishida muhokama qilindi. Muhokama yakunlariga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar yakuniy geologik hisobotni tayyorlash va aniqlangan zaxiralarni Davlat zaxiralari komissiyasida tasdiqlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Qizilqoq maydonida amalga oshirilayotgan ishlar “Navoiyuran” davlat korxonasining so‘nggi yillardagi geologiya-qidiruv yo‘nalishidagi eng muhim yutuqlaridan biri sifatida qayd etilmoqda. Bu maydon nafaqat “Navoiyuran” DK uchun asosiy mineral xomashyo bazasi bo‘lib xizmat qilmoqda, balki mamlakatimiz uran sanoati istiqbolini ta’minlaydigan strategik zaxira sifatida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda Qizilqoq maydonidagi geologiya-qidiruv ishlari jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda. Maqsad mavjud uran zaxiralarini yanada ko‘paytirish, mineral xomashyo bazasini mustahkamlash va qazib olish hajmini kengaytirishdir.
A.Bo‘riyev, O‘zA