Yo‘llar xalqimizni obod manzillar sari eltuvchi, ta’bir joiz bo‘lsa, aholining og‘irini yengil qiluvchi jamoatchilikning eng serqatnov makonidir.
Ayniqsa, bu nurli manzillarning ravonligi insonlarning manzil-makonini yaqin qilishda, aholiga yorqin kayfiyat ulashishda bebaho hissadir. Biroq bu yo‘llar yaroqsiz holga kelsa, qish va bahorning qor-yomg‘irlari natijasida loygarchiliklar, ko‘lmak suvlar aholining ovoragarchiligiga sabab bo‘lsa, barchada birdek tashvish uyg‘otadi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrda qabul qilingan “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq hududlarda mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga, ayniqsa, iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli og‘ir hudud deya baholangan mahallalar yo‘llarining sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yuzaga kelgan haqiqiy holat va uning rivojlanish darajasidan kelib chiqib, aholi ehtiyojlariga muvofiq yo‘l tarmog‘i holatini sifat jihatidan o‘zgartirishga qaratilayotgan ishlar samarasi kishini quvontiradi. Yaqinda tumandagi “Qizilcha” mahallasi ahlining uzoq yillik orzusi ushaladigan bo‘ldi, sababi tuman markazidan mahallaga olib boruvchi yo‘lning 12-20 km oralig‘idagi masofa, ya’ni 8 kmlik ichki yo‘lning eski va yaroqsiz bo‘lib qolgan asfalt qoplamasi o‘rniga yangisi yotqizilmoqda.
– Tuman markaziga borishga juda qiynalardik. Mana endi biz ham ravon yo‘llardan yuradigan bo‘ldik, – deydi mahalliy aholi vakillaridan biri Eshmo‘min Qurbonov. –Bu ezgu tashabbus uchun hurmatli Prezidentimizga, viloyat va tuman hokimligi rahbariyatiga alohida minnatdorchilik bildiramiz. Bu qaysidir ma’noda mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami oldidan biz uchun katta sovg‘a bo‘ldi.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA