Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qizil” toifadagi yoshlarga ko‘mak berildi
16:19 / 2023-08-07

Joriy yilning 11 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim bilan qamrab olish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom fikrlashlariga zamin yaratish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.

Yoshlar bilan individual ishlashni jadallashtirish, jamiyatdan ajrab qolgan, hayotda o‘z o‘rnini topolmayotgan, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan yoshlarni faol hayotga qaytarish oldimizdagi eng muhim vazifa bo‘lib turibdi.    

Xususan, O‘rtachirchiq tumanida 534 nafar o‘g‘il-qiz turli sabablarga ko‘ra, “qizil” toifadagi yoshlar ro‘yxatiga olingan. Ularning 146 nafari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosarlariga biriktirilgan. Mas’ul shaxslar o‘ziga biriktirilgan har bir yoshning uyiga borib, muammo va takliflarini o‘rgandi. Natijada 23 nafar yoshga turli ish qurollari va asbob-uskunalar ajratib berildi.  

– Sudlanganimdan keyin hech qayerda ishlay olmadim, – dedi O‘rtachirchiq tumani Boyqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Arman Xamurayev. – Daromadim yo‘qligidan muddati o‘tgan pasportimni ham yangisiga almashtirolmayotgandim. Motokultivator va motoarram bo‘lganda mehnat qilib, ter to‘kib, halol daromad topaman, o‘z ehtiyojlarimni o‘zim qondiraman, deb niyat qilib yurardim. Mana, men bir kunda ularning hammasiga ega bo‘ldim. Hatto pasportimni yangilash xarajatlari ham qoplab berildi. Buning uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman. – Plastik eshik va rom ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orzuyim edi, – dedi Changtepa mahallasi fuqarosi Halilulla To‘laganov. – Biroq ayrim uskunalarni olishga pulim yetmadi. Vazirning birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev uyimizga kelganida metall uchun arra, kompressor, frezor kerakligini aytgandim… Bu uskunalarni sovg‘aga olishim mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmagandim.  

– Uy qamog‘iga hukm qilinganman, – dedi Ko‘chlik mahallasida yashovchi Sherzod Ergashev. – Shu sabab kech soat 22:00 dan keyin ko‘chaga chiqolmayman. Sartaroshxonada mijozlar ko‘pincha kechki paytlari gavjum bo‘ladi. Shuning uchun uyim yonidan ijara to‘lovlarisiz bino ajratib berishlarini so‘ragan edim. Menga nafaqat uyim oldidan bino, balki sartaroshlik asbob-uskunalarini ham hadya qilishdi…   

Shuningdek, respublikamiz bo‘ylab belgilangan yo‘nalishlardan kelib chiqib, faoliyat yuritayotgan mahallam hududidagi bandligi ta’minlanmagan davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj yoshlar bilan alohida ishlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash keng yo‘lga qo‘yilgan.  

Yoshlar masalasida oldimizga qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish orqali islohotlar samaradorligi natijasini har bir yoshning hayotida ko‘rsatishimiz mumkin bo‘ladi. Bu bilan yoshlarning davlatimiz tomonidan qilinayotgan g‘amxo‘rliklarni his qilishiga va faol hayotga kirib borishiga erishamiz.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA