Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qizil kitobga kiritilgan o‘simlik hamda yovvoyi hayvonlar muhofazasi kuchaytiriladi
17:48 / 2024-07-10

Senat yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun bilan qator qonunlarga mamlakatimizning Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish hamda ularni tabiiy muhitdan ajratib olishni cheklashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Buning uchun ularning o‘sish muhiti bo‘lgan joylarda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilishi hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida ularni tabiiy muhitdan ajratib olgan holda foydalanilishi mumkinligi ko‘zda tutilmoqda.

Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan kiritiladigan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qizil kitobga kiritilgan, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar hamda yovvoyi hayvonlarning ayrim turlarini va ularning qismlarini tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnomalarni berish cheklanishi, cheklovlarning asoslari, ularning amal qilish muddati belgilanishi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Bundan tashqari, ekologiya va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi davlat organlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda.

Qonun va kodekslardagi oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq tushunchalar «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi qonun normalariga muvofiqlashtirilmoqda.

Qayd etilganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi ekologiya sohasidagi davlat boshqaruvining samarali tashkil etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarining o‘sish va yashash muhiti sharoitlari yaxshilanishiga yo‘l ochadi.

N.Abduraimova, O‘zA