Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qizil hududlar soni nega kamaymayapti? — Kriminologik tahlil natijalari
10:03 / 2026-01-27

O‘zbekistonda mahalla instituti jinoyatchilikka qarshi kurashning muhim bo‘g‘iniga aylanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda mavjud 9 ming 8 ta mahallaning 44,8 foizida 2025 yil hisobot davrida umuman jinoyat qayd etilmagan. Bu deyarli har ikki mahallaning biri tinch va barqaror muhitni saqlab turganini anglatadi.

Ammo, shu bilan birga, 5 ming 869 ta mahallada jinoyat sodir etilgani esa xavfsizlik masalasida profilaktika choralarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Misol uchun, joriy yilda mahallalarda jami 37 ming 250 ta jinoyat qayd etilib, har 100 ming aholiga 99,2 ta jinoyat to‘g‘ri kelgan.

Jinoyatchilik holatini chuqur tahlil qilish asosida mahallalar xavf darajasiga ko‘ra quyidagicha toifalangan:  

• 663 ta mahalla (7,4 foiz) — “qizil” toifaga,

• 4 311 ta mahalla (47,9 foiz) — “sariq” toifaga kiritilgan.

Ushbu tasnif profilaktika ishlarini aniq hududlarga manzilli yo‘naltirish, resurslardan samarali foydalanish va tezkor choralar ko‘rish imkonini beradi.

Jinoyatchilik tarkibida og‘ir jinoyatlar ulushi yuqori  

Qayd etilgan jinoyatlarning 33,6 foizi og‘ir va o‘ta og‘ir toifada ekani jinoyatchilik sifat jihatdan murakkablashayotganini ko‘rsatadi. Bu esa faqat huquqni muhofaza qilish choralari emas, balki ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks yondashuvni talab etadi.

Jinoyatlar mazmuniga ko‘ra ikki guruhga ajratilgan:

• 41,2 foiz — oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar,

• 58,8 foiz — aniqlanadigan jinoyatlar.

Mutaxassislarning fikricha, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarni erta aniqlash, ijtimoiy muhitni to‘g‘ri boshqarish va profilaktik ishlarni kuchaytirish orqali jinoyatchilik darajasini sezilarli kamaytirish mumkin.

Hududlar kesimida tahlil esa quyidagicha:

• Toshkent shahri — 80,6 ta,

• Toshkent viloyati — 61,7 ta,

• Samarqand — 47,6 ta,

• Farg‘ona — 46,4 ta,

• Navoiy — 43,8 ta,

• Namangan — 41,2 ta.

Tahlilga ko‘ra, ushbu hududlarda aholi zichligi, iqtisodiy faollik va migratsiya jarayonlari yuqori bo‘lgani sabab jinoyatchilik xavfi oshishi kuzatilmoqda.

Ayrim viloyatlarda esa respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan past natijalar qayd etilgan. Biroq, mutaxassislar past raqamlarni xavf yo‘qligi bilan tenglashtirmaslik, har bir hududda ijtimoiy muhitni chuqur o‘rganish lozimligini ta’kidlaydi.  

Ayrim tuman va shaharlarda xavfli o‘sish holatlari kuzatilgan

Ba’zi tuman va shaharlarda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar ko‘rsatkichi respublika o‘rtacha darajasidan bir necha barobar yuqori ekani qayd etildi. Bu holat profilaktika ishlarini standart usulda emas, balki har bir hududning o‘ziga xos xavf modeli asosida qayta tashkil etish zarurligini ko‘rsatadi.

Xulosalarga ko‘ra, 2025 yil mahallalar kesimidagi jinoyatchilik tahlili ikki tomonlama manzarani ochib beradi. Bir tomondan, mahallalarning qariyb yarmida jinoyat qayd etilmagani katta ijobiy natija hisoblanadi. Ikkinchi tomondan, og‘ir jinoyatlar ulushi yuqoriligi va ayrim hududlarda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar o‘sishi xavfsizlik masalasida yangi yondashuvlarni talab etadi.  

Ayni yo‘nalishda O‘zbekiston Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-tahliliy ishlar, sotsiologik so‘rovlar va hududiy monitoring natijasida jinoyatchilikka qarshi kurashda manzilli va kompleks choralar ishlab chiqilyapti. Bu esa mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish va profilaktika tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.  

M.Eshmirzayeva,

O‘zA