Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qizil hudud”dan chiqish yo‘li
12:32 / 2026-02-03

2026 yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahallaning faqat hududiy boshqaruv birligi emas, balki ijtimoiy barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyotning mustahkam tayanchi ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Shu ma’noda, joylarda “qizil hudud” sifatida qayd etilgan mahallalarni tubdan sog‘lomlashtirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida “qizil hudud” toifasiga kiritilgan “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida aynan shu masalaga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Husan Abduvohidov, tuman prokuraturasi hamda ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Muhokama jarayonida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari chuqur tahlil qilindi. Bu vazifalar Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan — “jinoyatning oqibati bilan emas, sababi bilan kurashish” tamoyiliga to‘liq hamohang ekani bilan ahamiyatlidir.

Joriy yil yanvar oyida kambag‘allikni qisqartirish hamda huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida ham mahallalar kesimida manzilli ishlash, ishsizlik va ijtimoiy muammolarni barvaqt aniqlash asosiy vazifa sifatida belgilab berilgan edi. Shuningdek, davlat rahbarining 2025 yil dekabr oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida har bir mahallani xavfsiz, obod va farovon hududga aylantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan.

— Mahallaning “qizil” yoki “yashil” toifada turishi — bu shunchaki statistik ko‘rsatkich emas, balki rahbarlarning ish samarasi va mas’uliyati mezonidir, — deydi Paxtakor tumani hokimi Husan Abduvohidov. — “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida muammolarni yashirish emas, ochiq tahlil qilish va aniq manzilli choralar orqali hal etish yo‘lini tanladik. Bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, profilaktika va ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish — asosiy to‘rtta ustuvor yo‘nalishimizdir.

Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilib, “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inini bosqichma-bosqich “yashil hudud” toifasiga olib chiqish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bu esa 2026 yil davlat dasturida belgilangan maqsadlar — mahallani rivojlantirish orqali jamiyatni yuksaltirish g‘oyasining amaliy ifodasi hisoblanadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri