Qizil dengiz tubiga yotqizilgan to‘rtta aloqa simi shikastlangani sababli Yevropa, Osiyo va Afrikani bog‘lovchi internet aloqasida uzilish kuzatilmoqda, deb xabar tarqatdi “HGC Global Communications Limited” kompaniyasi.
– Vaziyat ancha jiddiy: Qizil dengiz tubidan o‘tuvchi 15 dan ortiq suvosti simlarining to‘rttasi (Seacom, TGN, AAE-1, EIG) kesilgan, – deyiladi bayonotda. – Hisob-kitobga qaraganda, bu aloqa o‘tkazish qobiliyati (trafik)ning 25 foiziga ta’sir ko‘rsatadi. Ta’kidlanishicha, hozir oqibatni yumshatish chorasi ko‘rilgan, zarar ko‘rgan trafikni boshqa yo‘nalishga to‘g‘rilash uchun reja-majmua ishlab chiqilgan.
Avvalroq Isroilning iqtisodiy mavzularga ixtisoslashgan “Globes” nashri Qizil dengizda Yevropa, Sharqiy Osiyo, Afrika va bir necha arab mamlakatlarini bog‘laydigan to‘rtta suv osti simi shikastlangani haqida yozgan edi. Shu bilan birga, maqolada ko‘rilgan zarar juda oz, chunki bu mintaqadagi yagona kabel edi, deyilgan.
“Ansar Olloh” harakati siyosiy byurosi a’zosi Xuzam Al-Asad “RIA Novosti”ga ushbu Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi aloqa tizimi Yaman tomonidan uzilmagani, bunday gaplar bekor ekanini ta’kidladi. Keyinroq xusiylar aloqa tizimi mas’ullari suv osti simlarini har qanday xavfdan ehtiyot qilishga urinayotgani hamda manfaatdor tomonlarga ularni ta’mirlash yoki xizmat ko‘rsatishda yordam taklif etishini bildirdi.
Yamanning shimoliy hududini boshqarayotgan, Qizil dengiz sohilining kattagina qismini nazoratda ushlab turgan “Ansar Olloh” avvalroq Isroilga aloqasi bor har qanday kemaga hujum qilishini ma’lum qilib, boshqa mamlakatlardan o‘z ekipajlarini chaqirib olish va dengizda sohilga yaqin kelmaslikni so‘ragan.
Shundan buyon Qizil dengiz orqali qatnaydigan savdo kemalari Afrikani aylanib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.
Xusiylar bayonot berishicha, ularning Qizil dengizdagi harakati G‘azo sektoridagi falastinliklarga yordam berishni ko‘zlaydi. Qolaversa, arab va musulmon davlatlari G‘azoda Isroil harakati qo‘llab-quvvatlanishi mojaro butun mintaqaga yoyilishiga olib keladi, deya AQSHni bir necha bor ogohlantirgan.
Yanvar o‘rtalaridan boshlab AQSH va Buyuk Britaniya, Qizil dengizda kema qatnoviga qilinayotgan tahdidga javoban, xusiylar obyektlariga zarba berib kelmoqda. O‘z navbatida “Ansar Olloh” harakati oliy siyosiy kengashi a’zosi Muhammad Ali Al-Xusiy ushbu zarbalarni atay amalga oshirilayotgan bosqinchilik va terror harakati, deb atadi.
Xullas, Qizil dengiz tubidan o‘tuvchi aloqa simlari shikastlanishi Yaqin Sharq, xususan G‘azo sektorida yuz berayotgan voqealar silsilasida yuz berayotganiga hech kimda shubha qolmagan.
S.Rahimov,
O‘zA