Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qizil bayroq”, “yashil bayroq” tushunchalari qanday psixologik omillarga ko‘ra belgilanadi?
00:54 / 2025-09-26

So‘nggi yillarda “qizil bayroq” (red flag) va “yashil bayroq” (green flag) kabi psixologik atamalar ijtimoiy tarmoqlar orqali ommaviy ongga kirib keldi. Ilgari faqat psixologik matnlarda yoki terapevtik suhbat metodlarida uchraydigan bu tushunchalar bugungi kunda oddiy muloqot vositasiga aylangandek go‘yo.

Bugun kimdir o‘zi ifoda qilayotgan harakatlarni “qizil bayroq” deb nomlasa, yana kimlardir faqat “yashil bayroqlar”ni izlashini aytadi. Ammo masala shu yerda tugamaydi. 

Inson munosabatlari, ichki kechinmalari va shaxsiy taraqqiyoti bunday ikki qutbli, “yaxshi” yoki “yomon” tarzda baholanishi mumkinmi? Bu atamalar shaxsiy hayotga qanchalik mos tushadi va eng muhimi yondashuvlar insonning o‘zini anglashiga yordam beradimi yoki uni cheklab qo‘yadimi?
Psixologiyada “qizil bayroq” termini odatda, o‘zining manfaatlarini birinchiga qo‘yuvchi va shaxsiy chegaralarini kuchli himoya qiluvchi narsistik harakterga yaqin kishilar tushuniladi. “Yashil bayroq” esa aksincha, ijobiy jihatlar halollik, ochiqlik, empatiya va sog‘lom chegaralarning mavjudligini anglatadi.

Bu tushunchalar asosan psixologik kategoriyalar bilan bog‘liq. Misol uchun, shaxsiy chegaralar – inson o‘zining ruhiy hududlarini boshqalar bilan qanday belgilashi, emotsional yetuklik – o‘z kechinmalarini to‘liq anglash va boshqalarnikiga nisbatan mas’uliyatli yondashuvi va o‘z fikrini ochiq aytish bilan birga boshqalarning holatini tushunish qobiliyatidir.

Demak, “bayroq”lar aslida har bir insonning o‘zini boshqarish, his-tuyg‘ularni ifodalash va munosabatlarni tashkil etishdagi darajasini belgilovchi belgilar sifatida tushuniladi. Lekin, bu belgilar to‘liq emas, balki inson holatiga bog‘liq, vaqtinchalik yoki o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin.

“Qizil” va “yashil bayroq” terminlari internet madaniyatida ko‘p hollarda soddalashtirilgan, deyarli to‘g‘ridan-to‘g‘ri baholash vositasi sifatida ishlatiladi. Bu yondashuv esa bir necha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, murakkab ijtimoiy hayotda bitta fikr asosida butun insonni baholash, odamlar har qanday xatolik yoki noto‘g‘ri harakatlar qilsa, shunchaki “qizil bayroq” atamasi bilan ifodalash kabi holatlar kuzatilyapti. 

Yuzaki tahlil orqali ichki sabablar, hissiy holat, tarbiya, travmalar inobatga olinmaydi. Bu esa insoniylikning murakkabligini inkor etishga olib keladi. Inson bir necha xil ichki ziddiyatlar, xotiralar, madaniy qoidalar va shaxsiy tajribalarning majmuasi. Shunday ekan, uni bitta “bayroq” ostida baholash psixologik jihatdan noaniq yondashuvga sabab bo‘ladi.

Inson shaxsiyati doimiy harakatda bo‘lgan, o‘zgaruvchan, ko‘p qatlamli tizim. Bugun u qiyin bir holatda bo‘lib, salbiy harakat qilgan bo‘lishi, ertaga esa o‘z ustida ishlab, butunlay boshqa darajaga chiqishi mumkin. Psixologiyada bu holatga shaxsiy o‘sish deyiladi. Bu o‘zgaruvchanlik quyidagilarni ta’minlaydi: o‘zini-o‘zi tahlil qilish istagi, o‘z ustida ishlash, xatolarni to‘g‘irlash. Shu sababli, biror xatti-harakat “qizil bayroq” deb belgilangani bilan, bu doimiy xulosa emas. Agar inson o‘zini anglash va o‘zgartirishga ochiq bo‘lsa, u o‘z xatti-harakatlarini ijobiy yo‘nalishga burishi mumkin. 

Shuni unutmaslik kerakki, bu atamalar asosan G‘arb psixologik maktabi asosida shakllangan. Ular individualizmni qadrlovchi, shaxsiy chegaralarni kuchli belgilovchi madaniyatda paydo bo‘lgan. O‘zbek mentalitetida esa, atrofdagilarning fikrini inobatga olish, ijtimoiy me’yorlarga bo‘ysunish kabi xususiyatlar mavjud. Shu sababli, “qizil bayroq” deb G‘arb kontekstida baholangan xatti-harakat, bizning jamiyatda ijtimoiy maqbul bo‘lmasligi mumkin. 

Demak, bu atamalardan foydalanishda madaniy farqlar, tarixiy-madaniy o‘lchovlar va vaziyatlar e’tiborga olinishi kerak. Aks holda, inson o‘z ichki “men”iga emas, ijtimoiy bosimga asoslangan baholash tizimida yashab qoladi.

Inson o‘zini anglamay turib, hech qanday psixologik model unga yordam bera olmaydi. “Qizil bayroq”dan qochish emas, balki nimani anglatayotganini tushunish, orqasidagi ehtiyoj va xavotirlarni aniqlash muhimroq. Ideal odam yo‘q. Har bir insonda ichki ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, o‘zini yo‘qotgan davrlar bo‘ladi. Muhimi, bu holatlardan qanday o‘tishni bilishdir.

Zamonaviy psixologik atamalar “qizil bayroq” va “yashil bayroq”lar odamlararo munosabatlarni anglashda, ogohlantiruvchi belgilarni aniqlashda foydali vosita bo‘lishi mumkin. Ammo ular hech qachon insonni to‘liq baholovchi mezon bo‘la olmaydi.

Inson tabiati muvozanat, farosat va o‘zini tanib borish yo‘lidir. Shunday ekan, zamonaviy psixologik atamalarni amaliy hayotda ishlatishdan oldin ularning ichki mazmuni, psixologik negizi, madaniy konteksti va chegaralari chuqur tahlil qilinishi kerak. Aks holda, bu tushunchalar insonni rivojlantirish o‘rniga uni cheklashi, o‘zini noto‘g‘ri baholashga yoki boshqalarni noto‘g‘ri tushunishga olib kelishi mumkin.

Psixologik atamalar, trendlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “bayroq” konsepsiyalari hayotni tushunishda vosita bo‘lishi mumkin, ammo ularni mutlaq mezon sifatida qabul qilish xavfli. Chunki inson harakati doimo vaziyatga bog‘liq, har bir harakat orqasida izoh, ehtiyoj, ba’zida esa ichki og‘riq yotadi.

Shunday ekan, inson o‘z hayotini faqat tashqi etiketlar orqali emas, balki chuqur tahlil, ruhiy hushyorlik va ichki so‘roq orqali tartibga solishi lozim. Zero, har qanday tashqi konsepsiyadan ko‘ra insonning o‘z ichki “meni” bilan tanishuvi eng barqaror psixologik yondashuvdir.

Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA