Bugungi kunda qizamiq kasalligi hanuzgacha dolzarbligini yo‘qotmagan va jamoat salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgan yuqumli kasalliklardan biridir.
Айниқса, emlanmagan bolalar va kattalar ushbu kasallikka tez chalinadi. Qizamiqning yuqori darajada yuqumliligi va og‘ir asoratlar berishi ota-onalardan mas’uliyatli yondashuvni talab etadi. Sanepidqo‘mita bosh mutaxassisi Xursanoy Jamalova biz bilan suhbatda qizamiqning qanday tarqalishi, uning xavfi va emlanmaslikning salbiy oqibatlari haqida ma’lumot berdi.
— Qizamiq qanday tarqaladi?
— Qizamiq juda yuqumli kasallik bo‘lib, u asosan havo orqali tarqaladi. Kasallangan odam yo‘talganida yoki aksirganida virus havoga tarqaladi va atrofdagilar nafas orqali uni yuqtirib olishi mumkin. Agar qizamiq bilan kasallangan odam bilan bir muhitda bo‘lgan 10 kishidan 9 tasi emlanmagan bo‘lsa, ularning aksariyatida kasallik rivojlanishi ehtimoli juda yuqori.
Qizamiq virusi havoda uzoq vaqt saqlanib qolish xususiyatiga ega. Farzandingiz qizamiq bilan kasallangan odam bo‘lgan xonaga u kishi chiqib ketganidan keyin ham, hatto ikki soat o‘tgach kirsa ham, kasallikni yuqtirib olishi mumkin.
Eng xavfli jihatlaridan yana biri shundaki, qizamiq bilan kasallangan odam o‘zida kasallik borligini hali bilmasidan oldin ham virusni boshqalarga yuqtiradi. Ya’ni, toshma paydo bo‘lishidan to‘rt kun oldin va toshmadan keyin to‘rt kun davomida atrofdagilar uchun yuqum manbai bo‘lib qoladi.
— Qizamiqning global xavfi haqida to‘xtalib o‘tsak...
— Qizamiq hali ham dunyoning ko‘plab hududlarida keng tarqalgan. Hatto chet elga sayohat qilmasangiz ham, kundalik hayotda — jamoat joylarida, ta’lim muassasalarida yoki boshqa ijtimoiy muhitlarda ushbu kasallikni yuqtirib olish xavfi mavjud. Qizamiq virusi boshqa davlatlarda bo‘lgan va emlanmagan sayohatchilar orqali mamlakatimizga olib kirilishi mumkin.
Shu sababli, qizamiqqa qarshi emlanmagan har bir insonning sog‘lig‘i xavf ostida bo‘ladi.
— Qizamiq va emlanmaslikning jiddiy oqibatlari...
— Qizamiq oddiy toshma va isitma bilan cheklanib qolmaydi. Ayniqsa, emlanmagan guruhlar orasida u og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Xususan, qizamiqqa qarshi KPK vaksinasini olmagan homilador ayollarda kasallik muddatidan oldin tug‘ruq, kam vaznli chaqaloq tug‘ilishi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Qizamiqdan keyingi asoratlar nafaqat bolaning, balki butun oilaning hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish ancha samarali va xavfsiz hisoblanadi.
Suhbatdan xulosa shuki, qizamiq — yuqori darajada yuqumli, tez tarqaladigan va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kasallikdir. Emlanmaslik nafaqat farzandingiz, balki atrofdagilar sog‘lig‘i uchun ham xavf tug‘diradi. Vaksinatsiya esa qizamiqdan ishonchli himoya vositasi bo‘lib, kasallikning oldini olishda eng samarali choradir.
Farzandingiz sog‘lom kelajagi, oilangiz tinchligi va jamiyat salomatligi uchun qizamiqqa qarshi emlashni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimdir. Bir so‘z bilan aytganda, emlash — bu mas’uliyat, himoya va hayotni asrash demakdir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oy4ogB97YaI" title="Qizamiq: yuqish xavfi va emlanmaslik oqibatlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, O‘zA