Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qizamiq va qizilchaga befarq bo‘lmang...
15:01 / 2022-11-23

Sirdaryo viloyatida qizamiq va qizilcha kasalligiga qarshi ommaviy emlash ishlari boshlandi. Bu tadbir viloyatda 30 noyabrga qadar davom etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng birinchi galda 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan 83 ming 808 nafar bolalarning ro‘yxati shakllantirilgan. Shu kungacha 30 ming 31 nafar bolalar emlash tadbirlarida ishtirok etgan.  

– Qizamiq va qizilcha xavfsiz ko‘rinsada, bolalarning salomatligi bilan bog‘liq turli jiddiy asoratlarni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Sultonov. – U asosan havodan tomchi yo‘li bilan o‘tadi. Yo‘tal, tumov, ko‘z shilliq qavatining yallig‘lanishi bilan kuzatiladi. Tana harorati 39 daraja ga ko‘tariladi. Uni o‘zimizcha  xavfli asorati yo‘q deya o‘ylab, xavfsiz immunizatsiya ishlariga befarq munosabatda bo‘lamiz. Bolalarimizni ommaviy emlash jarayonlariga olib borishni unchalar ham xush ko‘rmaymiz. Ammo, unday emas. Qizamiq va qizilcha xavfsiz ko‘rinsada jiddiy asoratlarga sabab bo‘ladi. Otit, zotiljam, qonning zararlanishi, ensefalit, hatto butun tanada bosqichma-bosqich toshmalar paydo bo‘lib, o‘limga olib keladi. Bu kasallikdan, ya’ni virusdan rejali emlanish orqali himoyalanish mumkin. Shu maqsadda Sirdaryoda tashkil etilgan xavfsiz immunizatsiya ishlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Joylarda, hududlarda qizamiq va qizilchaga qarshi o‘tkazilayotgan tadbirlarda sog‘liqni saqlash xodimlari bilan birga sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari ham ishtirok etmoqda. Ular ushbu turdagi kasallik, uning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillar, salbiy holatlar to‘g‘risida aholiga tushuncha va maslahatlar bermoqda.  

Ahamiyatli tomoni shundaki, qizamiq va qizilchaga qarshi vaksina mutlaqo bepul. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Sirdaryo viloyati boshqarmasining vaksina saqlash omborxonasiga 90 ming doza vaksina keltirilgan. U viloyatda mavjud bo‘lgan, 11 ta shahar va tuman emlash punktlariga sovuqlik zanjiriga amal qilingan holda yetkazib berilmoqda. Bu esa, qizamiq va qizilchaga qarshi o‘tkazilayotgan emlash ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish va belgilangan muddatlarda tugatish imonini bermoqda.  

 

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA.