Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qiz o‘zini nega kanalga tashladi?
10:49 / 2025-06-16

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qarshi bosh kanaliga o‘zini tashlab joniga suiqasd qilgan qizni profilaktika inspektori qutqarib olgani haqidagi videolavha tarqaldi. Bu jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Qizning o‘z joniga suiqasd qilishiga nima sabab bo‘lganini aniqlash uchun biz voqea joyiga bordik. Ma’lum bo‘lishicha, holat Qarshi tumanidagi Shoyxo‘ja va Mirmiron mahallari o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Qarshi magistral kanali qirg‘og‘ida yuz bergan. Uni qutqarib qolgan guruh esa Shoyxo‘ja mahallasi profilaktika inspektori, mahalla yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli.  

Dastlab Shoyxo‘ja mahallasidan “qutqaruvchilar”ni topib, voqea joyiga – Qarshi bosh kanali qirg‘og‘iga bordik. Yuz bergan holatni tasvirlab berar ekan, mahalla yoshlar yetakchisi Arslon Qo‘ziyev quyidagilarni gapirib berdi.

– Qizni xotin-qizlar faoli bilan birgalikda tinchlantirishga harakat qildik, lekin yaqinlashgan sayin u kanal tomonga yura boshladi, – deydi A.Qo‘ziyev. – Baribir ko‘nmadi, o‘zini kanalga tashladi. Uni qutqarish uchun profilaktika inspektori o‘zini suvga tashladi. Men ham inspektorning ortidan tezda suvga tushdim. Inspektor bo‘ynigacha suvga kirib ketdi va qizning orqasidan borib kiyimidan ushladi, men esa inspektorni belidagi tasmasidan ushlab qoldim. Suv oqimi juda tez edi. Qiz yana taxminan bir metr o‘rtaga ketsa, tamom uni qutqarishning imkoni bo‘lmasdi. Chunki kanalda suv hajmi ko‘p va juda chuqur.  To‘g‘risini aytganda kanal qirg‘og‘iga chiqish juda qiyin bo‘ldi.  Xotin qizlar faoli qirg‘oqdan yordam qildi. Qizni chiqarib olganimizdan keyin ham u o‘zini yana suvga tashlashga urinardi. Shukrki, vaqtida tezkor harakat qilib hayotini saqlab qoldik.  

Xotin-qizlar faoli Nigora Hayitova esa holat juda hayajonli bo‘lganini ta’kidlaydi.

– 12 iyun kuni chamasi soat kunduzgi 11 lar atrofida mahallada odatdagidek ishlayotgan edik, – deydi Nigora Hayitova. – Profilaktika inspektorimiz Sherbek To‘raqulovga telefon keldi “Sizning fuqarongiz kanalga tashlash xavfida turibdi, tezlashtirib keling, ayol kishi”, dedi. Ayol kishiligini eshitib men ham yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektoriga ergashib voqea joyiga bordim. Yetib kelganimizda qiz kanalning qirg‘og‘ida telefonda gaplashib turardi, lekin o‘zida emas va suvga tashlash ehtimoli juda yuqori edi. Men ayol kishi bo‘lganim uchun unga birinchi bo‘lib yaqinlashdim va tinchlantirishga harakat qildim. Lekin foydasi bo‘lmadi. Biz yaqinlashganimiz sari u qirg‘oqqa yaqinlashib boraverdi. Gaplashib olaylik deya qo‘limni cho‘zganim bilan o‘zini suvga tashladi. Inspektorimiz uni qutqarish uchun o‘zini suvga tashladi. Uni ortidan  yoshlar yetakchisi. Ular qizni qirg‘oqqa olib chiqishdi. Qiz yana o‘zini suvga tashlashga urinardi. Qizni mahallaga olib keldik. Turmush o‘rtog‘i bilan bog‘landik. Oilasini chaqirdik.  

Mahalladagi profilaktik suhbatlar asnosida ma’lum bo‘ldiki, qiz 5-kurs talabasi, oilali, ikki nafar farzandning onasi, Koson tumanilik ekan. Mahalla vakillarining aytishicha, joniga qasd qilishdek qarorga nega kelgani to‘g‘risidagi savollarga u javob bermagan. Shundan so‘ng surishtiruvni davom ettirib, qiz yashovchi mahallaga bordik. Mahalla xotin-qizlar faoli Nargiza Aralova bilan ham ko‘rishib, uning fikrlarini tingladik.  

– Biz o‘sha xabarni eshitganimizda kutilmagan zarba bo‘ldi, – deydi N.Aralova. – Chunki bu oiladan biror marta ham mahallaga shikoyat kelmagan. Notinch oilalar ro‘yxatida turmaydi. Borib o‘zi bilan gaplashdik. Psixologik va huquqiy maslahatlar berdik. Nazoratga olindi. Hozirda qizning umumiy ahvoli yaxshi. O‘zi bitiruvchi kurs talabasi. Reabilitatsiya ishlari olib borilyapti.  

Mahalla faollarining fikriga tayanadigan bo‘lsak, qizning hech qanday muammosi bo‘lmagan. U o‘zidan o‘zi birdan o‘zini kanalga tashlab joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan. Faollar qiz bilan bog‘liq ma’lumotlarni batafsil ochiqlamasada, bu holatda mantiq yo‘q. Lekin eng muhimi ikki nafar norasida go‘dak erta ona mehridan bebahra qolishining oldi olingani, qizning hayoti saqlab qolingani. Nima bo‘lganda ham yaratganning o‘zi in’om etgan hayotimiz, sog‘ligimiz eng muhim boyligimiz ekanini unutmasligimiz kerak.

O‘lmas Barotov,

O‘zA muxbiri