Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz jazo turlarini qo‘llashning javobgarligi bor
16:31 / 2023-07-21

Internet nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda butun dunyoda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash kabi jinoyatlar ko‘payib bormoqda. Lekin, bunga qarshi kurashish ham sustlashayotgani yo‘q.

Xo‘sh, yurtimizdachi? Qiynoqqa solish, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyatiga qarshi qanday choralar ko‘rilyapti?  

Bu borada Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Yuridik fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Abduqodir Abdibositov quyidagilarni gapirib berdi.  

–So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Inson huquqlarini tahqirlovchi xatti-harakatlar, shu jumladan jinoyatlarni ochish jarayonida qiynoqqa solish xalqaro hamjamiyat tomonidan qabih ishlar qatorida e’tirof etilib, ularni taqiqlashga oid bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu borada bir qator milliy normativ-huquqiy hujjatlar ham qabul qilindi.  

Davlatimizning Asosiy qonunida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining deyarli barcha prinsipial qoidalari o‘z aksini topgan bo‘lib, ayniqsa, inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari alohida tartibda belgilanishi jamiyat huquqiy tizimi yetukligining ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi.  

Amaldagi Konstitutsiyamizning 26-moddasida ham hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.    

O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyat ishlarini yuritish tartibi belgilangan Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasi “Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish” prinsipiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi mustahkamlangan.  

Shuningdek, ushbu kodeksning 951-moddasiga asosan agar faktik ma’lumotlar jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llagan holda olingan bo‘lsa, ular dalil sifatida maqbul emas deb topiladi.  

Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash keltirib chiqaradigan jinoiy javobgarlikka to‘xtaladigan bo‘lsak, Jinoyat kodeksining 235-moddasida quyidagicha belgilangan.  

Jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, ya’ni ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga, shuningdek gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga, guvohga, jabrlanuvchiga, jinoyat protsessining boshqa ishtirokchisiga yoxud ularning yaqin qarindoshlariga ulardan yoki boshqa uchinchi shaxsdan biror-bir axborot olish, jinoyat sodir etganligiga iqrorlik ko‘rsatuvi olish maqsadida, ularni sodir etilgan qilmish uchun o‘zboshimchalik bilan jazolash yoxud biror-bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organning yoki boshqa davlat organining xodimi tomonidan yoxud uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida sodir etilgan qonunga xilof ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazish yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazish — muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.  

O‘sha harakatlar, xususan, hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlikni qo‘llagan holda yoxud shunday zo‘rlikni qo‘llash tahdidi bilan, milliy, irqiy, diniy yoki ijtimoiy kamsitish zamiriga asoslangan har qanday sabab bo‘yicha, bir guruh shaxslar tomonidan, takroran, keksa shaxsga yoki nochor ahvoldagi shaxsga, voyaga yetmagan shaxsga yoxud homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan hamda ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan, hayotga va sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ashyolar qo‘llanilib dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) maqsadida sodir etilgan bo‘lsa — muayyan huquqdan mahrum etib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.  

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar badanga og‘ir shikast yetkazilishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.  

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.  

Xulosa sifatida shuni aytish lozimki, bugungi kunda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyatlariga qarshi kurashish va oldini olish jiddiy ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada odam savdosiga qarshi kurashning xalqaro va milliy qonunchilik normalarida qonuniy tartibga solinishi shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishning samarali vositasi hisoblanadi.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA