Mamlakatimizning shimoliy darvozasi hisoblanuvchi “Daut-ota” chegara bojxona posti yurtimizning qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi va u orqali dunyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarida alohida ahamiyat kasb etuvchi postlardan hisoblanadi.
Butun dunyo mamlakatlari qatori respublikamizda ham kuzatilayotgan bugungi pandemiya sharoitiga qaramasdan ushbu post orqali tashqi savdo yuklarini o‘z manzillariga eltuvchi yuk avtotransport vositalarining harakati davom etmoqda.
Karantin talablariga rioya qilinishi bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan ushbu postda bojxona xodimlarining 24 soatlik ish rejimida sergak turib, davlatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, zamonaviy nazorat texnik vositalarini qo‘llagan holda bojxona nazoratini samarali va tez fursatlarda amalga oshirishlari yo‘lga qo‘yilgan.
2021 yilning birinchi yarmi davomida “Daut-ota” chegara bojxona posti orqali jami 50276 ta avtotransport vositasi kirish, chiqish va tranzit yo‘nalishlarida harakatlangan. Shundan 46174 tasi (umumiy harakatlangan avtotransport vositalarining 91 foizi) yuk avtotransport vositasi bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (32318 ta) yuk avtotransport vositasi harakati 42,8 foizga ortgan.
Postning bir kunlik avtotransport vositalarini o‘tkazuvchanlik qobiliyati o‘rtacha 260-300 ga to‘g‘ri keladi. Har bir avtotransport vositasining bojxona postidan kirishidan boshlab, chegara, fitosanitariya, karantin va bojxona nazorati hamda rasmiylashtiruvi uchun o‘rtacha hisobda 1-1,5 soat vaqt sarflanmoqda.
Joriy yil boshidan mazkur post orqali yuk avtotransport vositalarida 108 million 863 ming AQSH dollari qiymatidagi 287 ming 713 tonna tovar kirish yo‘nalishida, 752 million 342 ming AQSH dollari qiymatidagi 329 ming 599 tonna og‘irlikdagi tashqi savdo yuklari chiqish yo‘nalishida olib o‘tilgan.
Ushbu ko‘rsatkichlardan “Daut-ota” chegara bojxona postining nafaqat mamlakatimiz tashqi savdo aloqalari, balki, qo‘shni va uchunchi davlatlar tashqi savdo tovarlari uchun ham muhim strategik ahamiyat kasb etadi.
Mazkur chegara bojxona posti orqali noqonuniy harakatlanayotgan tovar moddiy boyliklar, taqiqlangan giyohvand modda va psixotrop vositalarning yurtimizga kirib kelishi va madaniy boyliklar, shuningdek, olib chiqilishi cheklangan yoki taqiqlangan tovar moddiy boyliklarning noqonuniy olib chiqilishining oldini olish borasida post xodimlari tomonidan qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Buning natijasida joriy yilning o‘tgan 6 oy davomida 58 ta bojxona qonunbuzulish holati aniqlangan bo‘lib, qiymati 1 milliard 498 million so‘mga teng tovar moddiy boylik ashyoviy dalil sifatida belgilangan tartibda to‘xtatib qolingan.
Dovud Abibullayev, O‘zA