Futbol bo‘yicha U-20 yoshlilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan terma jamoamizning tarixiy g‘alabasi hali ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgani yo‘q.
Vatan shuhratini dunyoga doston etgan, millionlab futbol ixlosmandlari qalbiga olam-olam shodliklarni tuhfa etgan U-20 bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari va “Paxtakor-W” jamoasi a’zolari ayni kunlarda bir qator xayriya tadbirlarida ishtirok etmoqda. Yoshlarga, imkoniyati cheklangan insonlarga sportning, futbolning ahamiyati, sog‘lom turmush tarzining afzalliklari haqida so‘zlab bermoqda. Ruhiy quvvat bag‘ishlamoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi Yashnobod tumanidagi 52-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar maktabida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Men sport bilan birgaman, sport mening hayotim” shiori ostida o‘tgan tadbir ko‘pga manzur bo‘ldi. Mahoratli futbolchilarimiz bilan yoshlar yashil maydonda to‘p tepdi, dildan suhbatlashdi. Ko‘ngillariga futbol, sport bilan shug‘ullanish tuyg‘usi jo bo‘ldi.
O‘z navbatida maktab tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar futbolchilarga, tadbirda yig‘ilganlarga zavq bag‘ishladi. Bayram tadbiri yakunida maktab tarbiyalanuvchilari va mahoratli yosh futbolchilarimiz o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi.
Iste’dodini namoyish etganlar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda "Paxtakor" klubining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA