Janubiy Koreyaning Gumi shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo chempionatining navbatdagi kungi musobaqalarida mamlakatimiz vakillari yana bir medalga sazovor bo‘lish asnosida mahoratli sportchimiz Jonbibi Hukmova shaxsiy rekordini yangilashga erishdi.
Bugun, 28 may kuni ayollar o‘rtasida 400 metrga yugurish musobaqalarida qit’aning eng mahoratli sportchilari bilan kechgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, terma jamoamiz a’zosi Jonbibi Hukmova bronza medaliga ega chiqdi.
Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan hamyurtimiz finalda 52.79 soniyada marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi.

Mazkur yo‘nalishda oltin medal 52.17 soniyada belgilangan masofani bosib o‘tgan yaponiyalik Nakano Matsumotoga nasib etgan bo‘lsa, kumush medalni 52.68 soniya ko‘rsatkichga erishgan hindistonlik Rupal Rupal qo‘lga kiritdi.
Chempionatning uch hatlab sakrash bahslarida hamyurtimiz Ibrohim Mahkamov 16,24 natija bilan 5-o‘rinni, Abbosbek Toshtemirov, Jonbibi Xukmova, Xasanbek Rustamjonov va Laylo Allaberganovadan iborat jamoa 4x400 metrga yugurish dasturida 8-o‘rinni band etdi.
Eslatib o‘tamiz, 43 davlatning 1 ming 200 nafarga yaqin yengil atletikachilari ishtirok etayotgan qit’a chempionati musobaqalari 31 mayga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA