Qisqa muddatli xalqaro kuzatuvchilar Farg‘onaga keldi
Farg‘ona viloyatida ham uzoq muddatli kuzatuvchilar saylovlarga tayyorgarlik holatlari, saylovoldi tashviqot ishlarini o‘rganmoqda.
“Yangi O‘zbekiston:Yangi saylovlar”. Mamlakatimizda mazkur shior ostida o‘tkazilayotgan bu galgi saylov jarayonlarining adolatli, shaffof tarzda olib borilishini kuzatish maqsadida xalqaro tashkilotlarning vakillari hamda xorijlik kuzatuvchilar hududlarga kelmoqda.
Farg‘ona viloyatida ham uzoq muddatli kuzatuvchilar saylovlarga tayyorgarlik holatlari, saylovoldi tashviqot ishlarini o‘rganmoqda.
Bugun Marg‘ilon hamda Qo‘qon shahridagi temir yo‘l vokzalida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 40 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilari kutib olindi.
–Missiyamizning qisqa muddatli jamoasi bugun safimizga kelib qo‘shildi, – deydi uzoq muddatli kuzatuvchi Brigitt Xoyer. – Biz hududlardagi saylov okruglari va uchastkalarida bo‘lib jarayonni qanday o‘tayotganligini kuzatib boramiz.
Shuningdek, bugun yana bir guruh xalqaro kuzatuvchilar viloyatga kelishi kutilmoqda. Ular hududlardagi saylov uchastkalarida bo‘lib, Saylov kodeksida belgilangan me’yorlarga nechog‘liq amal qilinishi, shuningdek, mazkur jarayonlar xalqaro saylov normalariga qay darajada muvofiqligini o‘rganadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, viloyatda bugungi kunda 1 ming 51 ta yagona saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, ular belgilangan talablar asosida jihozlandi.