Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qisqa, lekin mazmunli umr
17:18 / 2024-05-08

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining sobiq direktori, tibbiyot fanlari doktori marhum Tohir Musoyevning xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Muhsin Rajabov ochdi. U marhum ustozning hayot yo‘li haqida qisqacha ma’lumot berdi.  

Tohir Musoyev filial faoliyatini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan. Muassasada davolash jarayoni va diagnostika turlari tubdan isloh qilindi. Tibbiy marketing kuchaytirilib, tashqi hamkorlik masalalariga chuqur e’tibor qaratildi. Xitoy, Hindiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Avstriya, Moldova, Tojikiston va Qozog‘iston kabi davlatlar bilan memorandumlar tuzilganligi, shu asnoda yuzdan ortiq yosh mutaxassis ushbu mamlakatlarning yetakchi klinikalarida tajriba hamda bilimlarini oshirib kelganligi va orttirgan tajribalarini amaliyotda qo‘llab minglab insonlar dardiga davo bo‘layotganligi tilga olindi.  

Markazning  nufuzi ko‘tarilib, islohotlar natijasida T.Musoyevning azaliy orzusi bo‘lgan Buxoroda ochiq yurak operatsiyalarini bajarish, ilk bor buyrak ko‘chirib o‘tkazish, yurak kameralariga kardiostimulyator o‘rnatish, koronar tomirlarni stentlash, bachadon arteriyasini embolizatsiya qilish va o‘nlab shu kabi boshqa sohalarda  murakkab yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilganligi e’tirof etildi.  

Tadbir davomida marhum ustozning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan “Ezgulik va ilmga baxshida umr” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi.

 [gallery-17330] 

Tohir Musoyev tib ilmining sultoni Ab-u Ali ibn Sino bobokalonimizga munosib voris sifatida tarixda, hamkasblari va yaqin insonlari xotirasida abadiy yashaydi. U qisqa umri davomida ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirdi va buxoroliklarning qalbidan o‘rin oldi.  

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron Tulyaganov qatnashdi.    

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbirlari