Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishning qahrli kunlari hali oldinda, tayyorgarlik yetarlimi?
13:54 / 2026-01-22

Qashqadaryo viloyatida bugungi kunda 819 ming 162 ta elektr energiyasi iste’molchisi mavjud bo‘lib, shundan 63 ming 541 tasi yuridik, 755 ming 621 tasi aholi xonadonlaridir. Ushbu iste’molchilarga 35-500 kVli 202 ta podstansiya, umumiy uzunligi 32 ming kilometrga yaqin bo‘lgan elektr tarmoqlari hamda 12 ming dona transformator orqali elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

Bu raqamlar sohaning naqadar ulkan va mas’uliyatli ekanini ko‘rsatadi. Shu bois har bir nosozlik, har bir uzilish minglab xonadonlar hayotiga bevosita ta’sir qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-2026 yillar kuz-qish davriga tayyorgarlikka oid 453-son qarori hamda Energetika vazirligining tegishli buyruqlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yil davomida viloyatda qator amaliy ishlar olib borildi. Asosiy maqsad sovuq mavsumni betalafot o‘tkazish, aholini barqaror energiya bilan ta’minlash va murojaatlarga tezkor munosabat bildirishdan iborat.

Buning uchun viloyat, shahar va tuman miqyosida kunu tun ishlaydigan shtablar tashkil etildi. Avariyaviy holatlarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida maxsus brigadalar shay holatga keltirildi, zarur asbob-uskunalar zaxirasi yaratildi. Qo‘shimcha navbatchi telefon raqamlari va 1154 Call-markazi orqali fuqarolar murojaatlari 24 soat qabul qilinib, aniqlangan kamchiliklar joyida hal etilmoqda.

Mavsumga tayyorgarlik jarayonida 3 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va mingdan ziyod transformatorda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ayniqsa, ijtimoiy jihatdan og‘ir mahallalarga alohida e’tibor qaratildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 89 ta mahallada 10 mingdan ortiq temir-beton ustunlar, 188 ta transformator o‘rnatilib, qariyb 400 kilometr yangi tarmoq qurildi. Bu, avvalo, eng zaif hududlardagi aholi uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qadamdir.

– 2017-2025 yillar davomida esa 7,5 ming kilometrdan ortiq tarmoq va 2 mingdan ziyod transformator yangidan qurildi yoki rekonstruksiya qilindi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari”AJ Qashqadaryo hududiy filiali bo‘lim boshlig‘i Nosir Bo‘riyev. – 70 mingdan ortiq yaroqsiz ustunlar zamonaviy temir-beton ustunlarga almashtirildi. Natijada 218 ta mahalladagi 134 mingdan ziyod aholi xonadonlari hamda 600 dan ortiq yirik iste’molchilarning elektr ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi. Asosiy maqsadimiz har bir xonadonda barqaror yorug‘likni ta’minlash, ayniqsa, sovuq mavsumda aholini uzilishlardan himoya qilishdir. Elektr ta’minotidagi barqarorlik odamlar hayoti sifati bilan bevosita bog‘liq ekanini yaxshi anglaymiz.

Avariyaviy holatlarga qarshi kurashish uchun 83 ta ta’mirlash brigadasiga 684 nafar mutaxassis, o‘nlab maxsus texnika va avtomashinalar biriktirildi. Shu bilan birga, transformatorlar, moy, kabel, sim va minglab boshqa ehtiyot qismlar zaxirasi shakllantirildi. Bu favqulodda vaziyatlarda vaqtni yutqazmaslik, “qish qahri” oldida ojiz qolmaslik uchun muhim omil.

N.Bo‘riyevning ta’kidlashicha, joriy yilga mo‘ljallangan rejalar ham salmoqli. Prezident qarorlari asosida 2026 yilda 585 kilometrdan ortiq yangi elektr tarmoqlari va 151 ta transformator punkti qurilishi hamda rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Qo‘shimcha ravishda 3 ming kilometrdan ziyod tarmoq va mingdan ortiq transformatorda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

[gallery-27241]

Biroq tajriba shuni ko‘rsatadiki, raqamlar va rejalarning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi ishlar o‘z vaqtida, sifatli va tizimli bajarilishi. Chunki qish faslidagi har bir uzilish faqat qulaylik yo‘qolishi emas, balki inson salomatligi, bolalar ta’limi, ishlab chiqarish jarayonlari va ijtimoiy barqarorlikka tahdid demakdir.

Shu ma’noda, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni navbatdagi texnik tadbir sifatida emas, balki aholi turmush sifatiga bevosita daxldor, jamoatchilik ishonchi sinovi sifatida qabul qilish talab etiladi. Har bir xonadonda yorug‘lik barqaror bo‘lishi bu faqat elektr tizimi muvaffaqiyati emas, balki davlatning odamlar oldidagi mas’uliyatining amaliy ifodasidir.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari